Ish jarayonida ham sportga hamisha vaqt topiladi
Nashr qilingan sana: 17.09.2026 10:35:40
Korxonamizda xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, jismoniy faolligini oshirishi va sog‘lom turmush tarziga amal qilishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy sport majmuasi, ochiq sport maydonlari va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, avvalo, har birimizning o‘zimizga bog‘liq.
Faxr bilan ta’kidlash mumkinki, “O‘zbekko‘mir” AJ jamoasi respublika, shahar va viloyat miqyosida o‘tkazilayotgan nufuzli sport musobaqalarida muntazam va munosib ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Ayniqsa, an’anaviy Konchilar spartakiadasi jamoamiz hayotida muhim o‘rin tutadi. Har yili qizg‘in va murosasiz bahslarga boy tarzda o‘tadigan mazkur sport tadbiri xodimlarimizda nafaqat jismoniy chiniqish, balki jamoaviylik, hamjihatlik va yuksak kayfiyatni ham shakllantirmoqda.
Jamiyatimizda futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka kabi sport turlari bo‘yicha yaxshi shakllangan jamoalar mavjud. Sportni sevib, mashg‘ulotlarda muntazam va faol ishtirok etayotgan hamkasblarimiz safi yildan-yilga kengayib borayotgani esa barchamizni quvontiradi.
Haftaning har juma kunining “Sport kuni” etib belgilanishi ushbu ezgu an’analarni yanada mustahkamlash, xodimlarni sportga keng jalb etish va jamoamizda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.
Zero, sport inson hayotining ajralmas qismiga aylanishi kerak. Buning uchun albatta katta vaqt yoki alohida sharoit talab etilmaydi. Hatto kundalik ish jarayonida ham jismoniy faollik uchun vaqt ajratish mumkin. Masalan, tushlik tanaffusi vaqtida sport majmuamizda qisqa voleybol mashg‘ulotlarini o‘tkazib kelmoqdamiz. Bu, bir tomondan, sog‘lomlashish va jismoniy faollikni ta’minlasa, ikkinchi tomondan, hamkasblar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va jamoaviy ruhni yanada mustahkamlaydi.
Shu munosabat bilan barcha hamkasblarimizni korxonamizda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga, sport bilan muntazam shug‘ullanishga va jismoniy faol hayot tarzini o‘z kundalik hayotining bir qismiga aylantirishga chaqiraman.
Chunki sport — nafaqat jismoniy kuch va salomatlik manbai. U insonga ruhiy tetiklik, ishchanlik, yuqori kayfiyat bag‘ishlaydi, jamoada hamjihatlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhitini mustahkamlaydi.
Keling, har juma — “Sport kuni”ni barchamiz uchun yaxshi va foydali odatga aylantiraylik!
Madina Umarova
“O‘zbekko‘mir” AJ Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari
Oxirgi yangiliklar:
Kuz-qish mavsumi: favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik kuchaytirilmoqda
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va energetika sohasi ob’ektlarining mavsumiy barqarorligini ta’minlash maqsadida...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” AJda o‘quv-amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi
«O‘zbekko‘mir» AJda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ular yuzaga kelganda tezkor va samarali harakat qilish, shuningdek, xodimlar, jumladan konchilar xavfsizligin...
O'qish
Aholiga ko‘mir yetkazib berishning yangi tartibi: tizimda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
2026/2027-yillar kuz-qish mavsumida aholiga mahalliy ko‘mir yetkazib berish tizimida yangi tartib joriy etilmoqda. Yangi mexanizmga ko‘ra, aholiga ko‘mir mahsulotlar...
O'qish.jpg)