Ko‘mir sanoatini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda
Nashr qilingan sana: 03.06.2026 13:12:03Ko‘mir narxiga bozor mexanizmlarini joriy etish haqidagi taklif ma’qullandi. Bu, aslida, davr talabi.
Chunki har qanday sohada bo‘lgani kabi, ko‘mir sanoatida ham ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar uchun iqtisodiy rag‘bat bo‘lmasa, mahsulot hajmi va sifati bilan bog‘liq muammolar kelib chiqishi tabiiy. Bugun mamlakatimizda ko‘mirga bo‘lgan talab yil sayin ortib bormoqda. Iqtisodiyot tarmoqlari, issiqlik elektr stansiyalari, ijtimoiy muassasalar va aholini uzluksiz ta’minlash uchun esa soha doimiy rivojlanib borishi shart.
“O‘zbekko‘mir” AJ respublikadagi eng yirik ko‘mir ishlab chiqaruvchilardan biri sifatida bu jarayonlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Qazib olish hajmlari yildan-yilga oshib bormoqda, yangi turdagi, yuqori yonuvchanlik xususiyatiga ega ko‘mir mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Mamlakatda xususiy ko‘mir qazib chiqaruvchilar soni ham 18 taga yetdi. 2023–2025-yillarda ular tomonidan 2,4 million tonna ko‘mir qazib chiqarildi va sohaga 117 million dollardan ortiq xususiy investitsiyalar jalb qilindi.
Biroq narxlarning uzoq yillar davomida ma’muriy tartibda belgilanib kelgani sohadagi iqtisodiy muvozanatga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Masalan, aholi uchun mahalliy ko‘mir narxi 2019-yildan 2023 yil oktabriga qadar amalda deyarli o‘zgarmagan holda – 300 ming 300 so‘m darajasida saqlanib keldi. 2023-yilda esa 309 ming 800 so‘m etib belgilandi. Bu atigi 3,16 foizlik o‘sishni tashkil etadi. Shu vaqt oralig‘ida texnika, ehtiyot qismlar, yoqilg‘i-moylash materiallari, elektr energiyasi va mehnat xarajatlari bir necha barobar oshganini hisobga olsak, bu raqamning o‘zi ko‘p narsani anglatadi.
Samarqand viloyatida o‘tkazilgan press-turlardan birida yoshi ulug‘ iste’molchilardan biri qiziq fikr bildirgan edi: “Bir mashina tuproqni ham 300 ming so‘mga olib kelib berishmaydi. Bu ko‘mir-ku. Narx oshsa, sifati ham yaxshilanadi, konchilar ham daromad ko‘radi”, degandi. Bu kabi fikrlarni biz ko‘p eshitamiz.
Albatta, bu yerda bir muhim jihat bor. Mamlakatimizda kuchli ijtimoiy himoya siyosati amal qilib kelmoqda. Shu bois mahalliy ko‘mir yillar davomida aholi uchun arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berildi. Angren konchilari ham bu xayrli ishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda va bu bilan haqli ravishda faxrlanadi.
Endi esa soha yangi bosqichga chiqmoqda. Joriy yilning 26-may kuni Prezidentga taqdim etilgan rejalarda ko‘mir narxlarini bozor tamoyillari asosida shakllantirish, raqobat muhitini kengaytirish va investitsiyalarni rag‘batlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu yerda asosiy maqsad narxni oshirish emas, balki sohaning barqaror rivojlanishi uchun iqtisodiy mexanizmlarni yaratishdir.
Ayni paytda aholini himoya qilish bo‘yicha alohida mexanizmlar ham nazarda tutilmoqda. Jumladan, ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarga ko‘mir xarid qilish uchun moddiy yordam ajratish rejalashtirilgan.
Sharg‘un koni modernizatsiya qilinmoqda, yangi ishlab chiqarish quvvatlari yaratilmoqda. Nishbosh konida esa yiliga 10 million tonna ko‘mir qazib chiqarish imkoniyatiga ega yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Buning barchasi sohaning kelajagiga qaratilgan investitsiyalardir.
Ayrim chiqishlarda go‘yo bozor mexanizmlariga o‘tish tashabbusi “O‘zbekko‘mir” AJning ichki xohishi yoki kimlarningdir tor manfaati bilan bog‘liq jarayondek talqin qilinayotganini ham kuzatyapmiz. Vaholanki, bu masala davlat darajasida ko‘rib chiqilgan, butun tarmoqning uzoq muddatli rivojlanishidan kelib chiqqan holda shakllantirilgan yondashuvdir.
Shuningdek, ayrimlar “O‘zbekko‘mir”da ishlab chiqarish hajmlari kamaymoqda degan xulosaga shoshilmoqda. Aslida esa bu yil qazib olish hajmi bilan bir qatorda konlardagi tayyor mahsulot zaxiralaridan samarali foydalanish, ochiq usulda qazib olish uchun zarur bo‘lgan usti qatlamlarini ochish ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda kon ichki omborlarida 1 million tonnadan ziyodroq tayyor mahsulot mavjud. Uni o‘z vaqtida realizatsiya qilish ham ishlab chiqarish zanjirining muhim qismi hisoblanadi.
Ko‘mir sanoati mamlakat energetika xavfsizligining muhim bo‘g‘inidir. Shuning uchun bugun qabul qilinayotgan qarorlarga faqat narx nuqtai nazaridan emas, balki sohaning ertangi kuni, yangi investitsiyalar, yuqori sifatli mahsulot, yangi ish o‘rinlari va barqaror ta’minot nuqtai nazaridan ham qarash lozim.
Bozor mexanizmi – bu maqsad emas. U sohani yanada kuchli, raqobatbardosh va barqaror qilish uchun vosita, xolos.
Ne’mat Dushayev,
“O‘zbekko‘mir” AJ matbuot kotibi
Oxirgi yangiliklar:
Ko‘mir ta’minotida haqiqiy holat va qabul qilingan choralar
So‘nggi yillarda “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan ko‘mir qazib olish va iste’molchilarga yetkazib berish hajmlari izchil oshib bormoqda. Xususan, 2025 yil yakunlariga ko‘ra, m...
O'qish
Ko‘mirni yoqishdan ko‘ra, qayta ishlasa, qiymati oshadi
JamiyatTanlash Mulohaza Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkidagi zamonaviy ishlab chiqarishlar bilan tanishuvini kuza...
O'qish
Birja savdolaridagi holat bo‘yicha “O‘zbekko‘mir” AJning rasmiy izohi
Ijtimoiy tarmoq va elektron nashrlar axborot kanallarida “O‘zbekko‘mir” AJ faoliyati, jumladan birja savdolarida ko‘mir mahsulotlarini joylashtirish, jamiyatning kor...
O'qish