Konchilar spartakiadasi: mehnat va sport bizga nima beradi?
Nashr qilingan sana: 13.05.2026 14:25:58
Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni yaqinlashib kelayotgan bu kunlarda aksiyadorlik jamiyatimizda bayram ruhi, jamoaviy birlik va ko‘tarinki kayfiyat yanada kuchaymoqda. Shu munosabat bilan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar bilan birga sport musobaqalari o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan.
Bugun ana shunday tadbirlardan biri – “Konchilar spartakiadasi” ham yuqori darajada o‘tkazilmoqda. Bugungi musobaqada men ham ishtirok etyapman. Nasib qilsa, filiallararo bellashuvlarda munosib natija qayd etish uchun astoydil harakat qilyapman.
Men uchun mehnat va sport – hayotning ikki muhim tayanchi. Mehnat insonni kamolga yetkazadi, unga mas’uliyat, sabr va halollikni o‘rgatadi. Ayniqsa konchilik kabi og‘ir va sharafli sohada har bir natija katta mehnat, tajriba va vijdon bilan erishiladi. Shu bois mehnat insonni ulg‘aytiradigan eng katta maktabdir.
Sport esa insonga kuch, chidam, ruhiy barqarorlik va jamoaviy fikrlashni o‘rgatadi. Spartakiadalardagi ishtirok biz uchun nafaqat musobaqa, balki bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash, jamoa uchun javobgarlikni his qilish imkoniyati hamdir. Bunday tadbirlar ishxonadagi ahillikni yanada mustahkamlaydi.
Men uchun shaxmat alohida o‘rin tutadi. U diqqatni jamlash, tahlil qilish va to‘g‘ri qaror qabul qilishni o‘rgatgan intellektual o‘yin. Hisobchilik faoliyatimda ham bu juda katta ahamiyatga ega.
Shaxmatga bo‘lgan qiziqishimda o‘g‘limning o‘rni katta. O‘g‘lim Ershodbek maktabda tahsil oladi. U faqat o‘quvchi emas, balki o‘z maktabida shaxmat bo‘yicha faol va iqtidorli o‘quvchilardan biri hisoblanadi. Mustaqil tayyorgarlik ko‘rib, maktablararo musobaqalarda doimiy ravishda yuqori o‘rinlarni – 1–2 o‘rinlarni qo‘lga kiritib keladi. Uning yutuqlaridan faxrlanaman. U menga ham shaxmatga yanada jiddiyroq yondashishga turtki bergan.
Ishxonamizdagi muhit ham juda ahil va samimiy. Bosh hisobchimiz, ustoz qatoridagi Nasiba Xoldibekova, hamxonalarim Nargiza Omonova, Nodira Imonova bilan bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bunday muhit mehnat samaradorligini ham, kayfiyatni ham oshiradi.
Mehnat insonni yuksaltirsa, sport uni ruhan baquvvat qiladi. Ular uyg‘unligi esa inson hayotiga mazmun, jamoaga esa birlik bag‘ishlaydi.
Dilfuza Yo‘ldosheva
“O‘zbekko‘mir” AJ “Transport” filiali ish haqi bo‘yicha hisobchisi
Suratlarda: spartakiada jarayonidan lavhalar
Ilhom Bazarbaev tavsvirga tushirgan

.jpg)

Oxirgi yangiliklar:
O‘zbek tili: an’anadan taraqqiyot sari
Har yili 21-oktyabr mamlakatimizda O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi. 1989-yilning aynan shu sanasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan. Ushbu t...
O'qish
Angren ko‘mir konida ona tiliga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
«O‘zbekko‘mir» AJ Angren ko‘mir koni filialida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda O‘zbeki...
O'qish
Iste’molchi: “Ko‘mirning sifati ham, narxi ham ma’qul, uyga yetkazib berish xizmati ham bor”
Kuz-qish mavsumi oldidan tabiiy gaz yetib bormagan hududlar aholisini ko‘mir bilan ta’minlash dolzarb masalalardan biri. Namangan viloyatida bu yo‘nalishda sakkiz naf...
O'qish
Operatsion samaradorlik va mehnat unumdorligini oshirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 14-sentabr “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida operatsion samaradorlik va mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish y...
O'qish