Men konchiman ‒ mehnatim bilan, ijodkorlik ‒ maslagim
Nashr qilingan sana: 01.09.2026 16:56:25Biz, tengdoshlarim bilan birga, Mustaqillik davrida tug‘ilib, shu muhitda ulg‘aydik. Eski davr qanday bo‘lganini kattalarimizdan eshitib, kitoblardan o‘qib bildik. Shuning uchun bugungi erkin hayot, kasb tanlash, mehnat qilish va ijod qilish imkoniyatlarini qadrlaymiz.
Men uchun Mustaqillik ‒ avvalo, imkoniyat. O‘z yo‘lingni izlash, kasb egallash, mehnat qilish va qobiliyatingni namoyon etish imkoniyati deb o‘ylayman.
Kundalik hayotim konchilik va og‘ir texnika bilan bog‘liq. “O‘zbekko‘mir” AJda “BelAZ” samosvali haydovchisi bo‘lib ishlayman. Ulkan texnikani boshqarib, korxona va yurtimiz iqtisodiyotiga o‘z hissamni qo‘shayotganmdan mamnunman.
Ammo mening hayotim faqat kon bilan cheklanmaydi. Men she’r yozaman.
Ko‘rganlarim, o‘ylaganlarim va his qilganlarimni so‘z orqali ifodalashga intilaman. Ijod namunalarim “Tarannum” va “Tashrif” adabiy to‘plamlarida chop etilgan. Keyin “Ajib dunyo” nomli ilk mualliflik kitobim nashrdan chiqdi.
Bugun esa ikkinchi kitobim ‒ “Ko‘zgu” o‘quvchilarga yetib bormoqda.
“Ko‘zgu” shunchaki kitob nomi emas. Ko‘zgu insonning tashqi qiyofasini aks ettirsa, adabiyot uning ichki dunyosini ko‘rsatadi. Unda insonning quvonchi, iztirobi, umidi va kechinmalari aks etadi.
Konchilik va adabiyot bir-biridan uzoq sohalardek ko‘rinadi. Bir tomonda ulkan samosval, og‘ir mehnat; ikkinchi tomonda qalam, she’r va kitob. Ammo men ularni bir maqsad ‒ halol mehnat qilish va Vatanga foydali bo‘lish birlashtiradi, deb o‘ylayman.
Konda o‘z ishingizni puxta bajarishingiz kerak. Ijodda ham o‘z so‘zingiz uchun mas’uliyat his qilishingiz lozim.
Bugun konlardagi zamonaviy texnikalarga qarab, taraqqiyotni ko‘raman. Ilgarilari tasavvur qilish qiyin bo‘lgan texnologiyalar bugun izmimizda. Biz, yoshlar, ana shu o‘zgarishlar ichida mehnat qilyapmiz.
Mustaqillikni men yana bir jihati bilan qadrlayman: ona tilimda erkin ijod qila olaman, kitob chiqara olaman, kasb tanlayman va o‘z mehnatim bilan hayotda o‘z o‘rnimni izlayman.
Kattalarimizdan eski davr haqida eshitganimiz sari bugungi imkoniyatlarning qadrini yaxshiroq anglaymiz. Shuning uchun Mustaqillikni faqat bayram kuni emas, kundalik hayotimizda ham his qilishimiz kerak.
Men konchi sifatida ‒ mehnatim bilan, ijodkor sifatida esa ‒ so‘zlarim bilan yurtimga xizmat qilishni istayman.
“Ajib dunyo” ‒ ijod yo‘limning boshlanishi. “Ko‘zgu” esa bugungi qarashlarim va kechinmalarimni ifodalaydi.
Oldinda hali rejalarim ko‘p. Konda kasbimni yanada puxta egallash, ijodda esa o‘z so‘zimni topish niyatidaman.
O‘zbekiston ‒ mening Vatanim.
Mustaqillik ‒ mening faxrim.
Kelajak ‒ mening umidim.
Mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin!
Javohir SHODIYEV,
“O‘zbekko‘mir” AJ “Transport” filiali “BelAZ” haydovchisi

Oxirgi yangiliklar:
“Mening kelajakdagi kasbim”: bitiruvçi yoşlar bilan uçraşuv ötkazildi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-fevral kuni yoşlar bilan ötkazgan oçiq muloqotida belgilangan vazifalar va ilgari surilgan taşabbuslar ijrosini taʼminlaş maqsadida da...
O'qish
Barqaror rivojlaniş sari muhim qadam: “O‘zbekko‘mir” AJ ilk ESG hisobotini taqdim etdi
Bugun korxona faoliyatiga baho berişda faqat qança mahsulot işlab çiqarilgani yoki qança daromad olingani bilan çeklanilmaydi. Işlab çiqariş jarayonining atrof-muhitga ta...
O'qish
Oçiqlik − hisobdorlik va jamoat işonçi asosi
9 dekabr − Xalqaro korrupsiyaga qarşi kuraşiş kuni. Uşbu sana korrupsiyaning oldini olişda oçiqlik, şaffoflik va jamoatçilik nazoratining ahamiyatini yana bir bor eslatad...
O'qish
"O‘zbekko‘mir" AJning faol yoshlari Oliy Majlis faoliyati bilan tanishdilar
"O‘zbekko‘mir" AJning faol yoshlari Oliy Majlis faoliyati bilan tanishdilar "O‘zbekko‘mir" AJning bir guruh faol yoshlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga...
O'qish