Men konchiman ‒ mehnatim bilan, ijodkorlik ‒ maslagim
Nashr qilingan sana: 01.09.2026 16:56:25Biz, tengdoshlarim bilan birga, Mustaqillik davrida tug‘ilib, shu muhitda ulg‘aydik. Eski davr qanday bo‘lganini kattalarimizdan eshitib, kitoblardan o‘qib bildik. Shuning uchun bugungi erkin hayot, kasb tanlash, mehnat qilish va ijod qilish imkoniyatlarini qadrlaymiz.
Men uchun Mustaqillik ‒ avvalo, imkoniyat. O‘z yo‘lingni izlash, kasb egallash, mehnat qilish va qobiliyatingni namoyon etish imkoniyati deb o‘ylayman.
Kundalik hayotim konchilik va og‘ir texnika bilan bog‘liq. “O‘zbekko‘mir” AJda “BelAZ” samosvali haydovchisi bo‘lib ishlayman. Ulkan texnikani boshqarib, korxona va yurtimiz iqtisodiyotiga o‘z hissamni qo‘shayotganmdan mamnunman.
Ammo mening hayotim faqat kon bilan cheklanmaydi. Men she’r yozaman.
Ko‘rganlarim, o‘ylaganlarim va his qilganlarimni so‘z orqali ifodalashga intilaman. Ijod namunalarim “Tarannum” va “Tashrif” adabiy to‘plamlarida chop etilgan. Keyin “Ajib dunyo” nomli ilk mualliflik kitobim nashrdan chiqdi.
Bugun esa ikkinchi kitobim ‒ “Ko‘zgu” o‘quvchilarga yetib bormoqda.
“Ko‘zgu” shunchaki kitob nomi emas. Ko‘zgu insonning tashqi qiyofasini aks ettirsa, adabiyot uning ichki dunyosini ko‘rsatadi. Unda insonning quvonchi, iztirobi, umidi va kechinmalari aks etadi.
Konchilik va adabiyot bir-biridan uzoq sohalardek ko‘rinadi. Bir tomonda ulkan samosval, og‘ir mehnat; ikkinchi tomonda qalam, she’r va kitob. Ammo men ularni bir maqsad ‒ halol mehnat qilish va Vatanga foydali bo‘lish birlashtiradi, deb o‘ylayman.
Konda o‘z ishingizni puxta bajarishingiz kerak. Ijodda ham o‘z so‘zingiz uchun mas’uliyat his qilishingiz lozim.
Bugun konlardagi zamonaviy texnikalarga qarab, taraqqiyotni ko‘raman. Ilgarilari tasavvur qilish qiyin bo‘lgan texnologiyalar bugun izmimizda. Biz, yoshlar, ana shu o‘zgarishlar ichida mehnat qilyapmiz.
Mustaqillikni men yana bir jihati bilan qadrlayman: ona tilimda erkin ijod qila olaman, kitob chiqara olaman, kasb tanlayman va o‘z mehnatim bilan hayotda o‘z o‘rnimni izlayman.
Kattalarimizdan eski davr haqida eshitganimiz sari bugungi imkoniyatlarning qadrini yaxshiroq anglaymiz. Shuning uchun Mustaqillikni faqat bayram kuni emas, kundalik hayotimizda ham his qilishimiz kerak.
Men konchi sifatida ‒ mehnatim bilan, ijodkor sifatida esa ‒ so‘zlarim bilan yurtimga xizmat qilishni istayman.
“Ajib dunyo” ‒ ijod yo‘limning boshlanishi. “Ko‘zgu” esa bugungi qarashlarim va kechinmalarimni ifodalaydi.
Oldinda hali rejalarim ko‘p. Konda kasbimni yanada puxta egallash, ijodda esa o‘z so‘zimni topish niyatidaman.
O‘zbekiston ‒ mening Vatanim.
Mustaqillik ‒ mening faxrim.
Kelajak ‒ mening umidim.
Mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin!
Javohir SHODIYEV,
“O‘zbekko‘mir” AJ “Transport” filiali “BelAZ” haydovchisi

Oxirgi yangiliklar:
Dashtobod ko‘mir ombori faoliyati yuzasidan rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida Jizzax viloyati Zomin tumani Dashtobod shahri, “Bunyodkor” mahallasi hududida joylashgan Dashtobod ko‘mir ombori faol...
O'qish
Ustoz — konchilik kasbining buyuk maktabi
Har bir katta yo‘l ustozdan boshlanadi. Kasbning sir-asrorini o‘rganish, uning mashaqqati va mas’uliyatini anglash, eng muhimi, orttirilgan tajribani keyingi avlodga yetk...
O'qish
Korxonaga zarur mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlari kengaytiriladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 30 sentyabr kuni “Yangi O‘zbekiston” universitetida ustoz va murabbiylar bilan uchrashuvda korxona ehtiyojidan kelib chiqib mutaxassis ta...
O'qish
Sizga ta’zim, sizga ehtirom, aziz ustozlar!
Hurmatli ustoz konchilar, mehnat faxriylari! Siz, aziz ustozlarimizni, barcha konchilarni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman! Inson hayo...
O'qish