Qo‘ng‘ir ko‘mir: uning afzalligi nimada?
Nashr qilingan sana: 24.09.2024 01:52:59#Qattiq_yoqilg‘i_turlari
Ko‘mir o‘zining energiyaga boy tarkibi uchun qadrlanadi. Ushbu yoqilg‘i 1880-yillardan boshlab elektr energiyasini ishlab chiqarishda keng foydalanib kelinadi. Po‘lat va sement sanoatida, temir rudasidan temir olish va sement ishlab chiqarishda ham yoqilg‘i sifatida ko‘mir ishlatiladi. Shuningdek, qish mavsumi uylarni isitishi bilan jonga aro kiradi.
O‘zbekiston ko‘mir zaxiralariga boy bo‘lib, hududimizda ikki xil ‒ toshko‘mir (Sharg‘un ko‘mir koni) va qo‘ng‘ir ko‘mir (Angren ko‘mir havzasi) qazib olinadi. Xo‘sh, bu mahsulotning qaysi biri afzalroq?
Biz ushbu savolga javob topish maqsadida iste’molchilar hamda mutaxassislar bilan suhbatlashdik.
‒ Men mutaxassis sifatida toshko‘mir bilan qo‘ng‘ir ko‘mirning birini ikkinchisidan ustun qo‘ymayman, ‒ deydi suhbatdoshimiz Anvar Abdurahimov. ‒ Har ikkisi ham o‘z afzalliklari bilan ajralib turadi. Gap ularni qayerda va qay maqsadda ishlatishda. Masalan, yuqori issiqlik beruvchi toshko‘mirdan sement va g‘isht zavodlarida, qo‘ng‘ir ko‘mirdan esa maishiy maqsadlarda foydalanish yaxshi samara beradi.
Anvar Abdurahimov “O‘zbek-ko‘mir” AJ standartlashtirish, ser-tifikatlashtirish va metrologiya bo‘limini boshqaradi. Xizmat taqazosi bilan butun respublikamizni kezib chiqqan. Iste’molchilarning, ayniqsa aholi iste’molchilarining ko‘mir haqidagi fikrlarini biladi va ularga o‘zining foydali va zarur tavsiyalarini berishdan charchamaydi.
‒ Mening o‘zim xonadonimda qish payti yigirma yil toshko‘mir yoqdim. Ishonasizmi, bir mashina toshko‘mirni ishlatish uchun bir mashina ko‘mir kerak bo‘ladi, ‒ so‘zida davom etib deydi A.Abdurahimov. So‘ng buning sababini quyidagicha izohlaydi, ‒ Toshko‘mirni cho‘g‘lantirib olish uchun o‘tin yoqmasa bo‘lmaydi. Bizning Angrenda qazib olinayotgan qo‘ng‘ir ko‘mirda bu shart emas, u oson cho‘g‘lanadi. Toshko‘mir yuqori issiqlik beradi, ammo tez yonib, tez o‘chadi. Qo‘ng‘ir ko‘mirning issiqligi kamroq, shu bois uzoq yonadi va xona harorati uzoq vaqt bir maromda saqlanib qoladi.
Ko‘mir nima? U yonuvchi organik tog‘ jinslariga mansub modda bo‘lib, Yer shari taraqqiyotining turli davrlarida hosil bo‘lgan. Uning paydo bo‘lishining eng uzoq davom etgan bosqichi bundan 250 million yil ilgari boshlangan va taxminan 35 million yil davom etgan Pensilvan davriga to‘g‘ri keladi. Yer ostidagi ko‘mirning qolgan qismi bir million yildan 100 million yilgacha muqaddam shakllangan. Bundan kelib chiqadiki, toshko‘mirning yoshi qo‘ng‘ir ko‘mirga qaraganda ancha katta. Shu boisdan ham ularning tez va sekin yonishi va issiqlik berishida farqlar bor. Ana shu jihatlari bilan qo‘ng‘ir ko‘mirni bemalol ro‘zg‘orbop deyish mumkin. Qo‘ng‘ir ko‘mirni xonadon sharoitida ishlatish qulay: u oson cho‘g‘lanadi va sekin hamda uzoq yonadi. Qish payti yoqilganida xonalar birdan isib va birdan sovib ketmaydi. Nisbatan yupqa listli pechkalarning ham umri uzoq bo‘ladi.
Yana bir gap. Toshko‘mirda kabob pishirib bo‘lmas ekan. Mutaxassis suhbatdoshimizning aytishicha, toshko‘mirning yuqori haroratida sixdagi go‘sht kuyib, jizg‘inagi chiqib ketadi. Kabob pishirishda qo‘ng‘ir ko‘mirdan yaxshisi yo‘q. Anvar Abdurahimovning hisob-kitobi bo‘yicha respublikamizda kabobpazlarning 90 foizi Angren ko‘miridan, o‘n foizi ko‘mir briketlaridan foydalanadi.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati aholiga 2BZR markali ko‘mir yetkazib bermoqda. Ushbu markali mahsulotning hajmi 25-500 mm, namligi 35 foiz, tarkibida yot tog‘ jinslarining me’yoriy ko‘rsatkichi 3 foiz etib belgilangan.
Ne’mat Dushayev,
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati rahbari
“O‘zbekko‘mir” gazetasining 2024-yil 21-sentabrdagi 3-4(87-88)-sonidan olindi


Oxirgi yangiliklar:
Pensiya ta’minoti tizimidagi yangiliklar muhokama qilindi
“O‘zbekko‘mir” AJda pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishga qaratilgan Prezident farmoni loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi....
O'qish
Ko‘mir bor joyda tabiatga ham e’tibor bor
Bilamizki, bir tonna ko‘mir faqat energiya manbaigina emas. U tabiat oldidagi mas’uliyatni ham anglatadi. Uni qazib olish, saralash, tashish va saqlashning har bir b...
O'qish
Kuz-qish mavsumi: favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik kuchaytirilmoqda
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va energetika sohasi ob’ektlarining mavsumiy barqarorligini ta’minlash maqsadida...
O'qish
Ish jarayonida ham sportga hamisha vaqt topiladi
Korxonamizda xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, jismoniy faolligini oshirishi va sog‘lom turmush tarziga amal qilishi uchun barcha zarur sharoitlar y...
O'qish