Shovot ko‘mir omboridagi holatga oydinlik kiritildi
Nashr qilingan sana: 27.07.2026 15:53:13Ayni kunlarda 2026–2027 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida respublikadagi budjet tashkilotlarini mahalliy ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash ishlari izchil amalga oshirilmoqda. Bu jarayonni samarali tashkil etish maqsadida hududiy ko‘mir omborlari uzluksiz faoliyat yuritmoqda.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi ko‘mir ombori faoliyatiga oid ayrim videolavhalar tarqatildi. Ularda mahalliy ko‘mirga go‘yo tuproq aralashtirilayotgani, og‘irligini oshirish maqsadida ustiga suv sepilayotgani hamda kechasi ko‘mir mahsulotlari noqonuniy ravishda olib chiqib ketilayotgani haqida asossiz iddaolar ilgari surilgan.
Mazkur holat yuzasidan “Ko‘mir ta’minot” MChJ Xorazm viloyati filiali mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, videolavhalarni tarqatgan HURRIYAT.UZ telegram kanali admini voqeaning barcha jihatlarini o‘rganish maqsadida ertasi kuni Shovot tumanidagi ko‘mir omboriga tashrif buyurgan. Joyidagi o‘rganishlar davomida avvalgi videolarda keltirilgan xulosalar noto‘g‘ri ekani ma’lum bo‘lgan va shu sababli mazkur videolavhalar kanaldan olib tashlangan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mahalliy ko‘mir mahsuloti omborda saqlanayotgan vaqtda tabiiy qizish (o‘z-o‘zidan qizib ketish) holati kuzatilishi mumkin. Shuning uchun yong‘in xavfining oldini olish maqsadida ko‘mir uyumlariga belgilangan texnologik talablarga muvofiq suv sepiladi. Bu jarayon mahsulot sifatini emas, uning xavfsiz saqlanishini ta’minlashga qaratilgan.
Shuningdek, ko‘mirni qayta joylashtirish va ombor hududidan samarali foydalanish jarayonida yer yuzasidagi oz miqdordagi tuproqning mahsulot bilan tashqi aralashuvi kuzatilishi mumkin. Bu omborlash jarayonining tabiiy xususiyati bo‘lib, iste’molchiga yetkazib beriladigan mahsulot sifatiga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Videolarda aks etgan yuk avtomobillari masalasi ham o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, Shovot tumanidagi ko‘mir ombori yaqinida xususiy tadbirkorga tegishli ko‘mir ombori ham faoliyat yuritadi. Videoda ko‘rsatilgan avtomashinalarda ijtimoiy soha muassasalari uchun ajratilgan mahalliy ko‘mir emas, aynan xususiy tadbirkorga tegishli import ko‘mir mahsulotlari tashilgan.
“Ko‘mir ta’minot” MChJ Xorazm viloyati filiali direktori K. Jumayozovning ma’lum qilishicha, Xorazm viloyatida 2026–2027 yillar kuz-qish mavsumi uchun ijtimoiy soha muassasalarini 31 330 tonna mahalliy ko‘mir bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Shovot temir yo‘l stansiyasi orqali qabul qilinayotgan mahalliy ko‘mir Shovot, Gurlan, Qo‘shko‘pir va Yangibozor tumanlaridagi ijtimoiy soha muassasalariga belgilangan tartib asosida yetkazib berilmoqda. Bugungi kunda maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi muassasalariga mahalliy ko‘mir yetkazib berish ishlari boshlangan.
Mas’ullar ta’kidlaganidek, Shovot tumanidagi ko‘mir omboridan ijtimoiy soha muassasalariga mahalliy ko‘mirni yetkazib berish jarayoni mutasaddi tashkilotlar tomonidan doimiy nazorat ostida amalga oshirilmoqda.
Fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ma’lumotlarga baho berishda faqat rasmiy manbalarga tayanishlari hamda tekshirilmagan axborotlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati
Oxirgi yangiliklar:
Angren ko‘mir konida ona tiliga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
«O‘zbekko‘mir» AJ Angren ko‘mir koni filialida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda O‘zbeki...
O'qish
Iste’molchi: “Ko‘mirning sifati ham, narxi ham ma’qul, uyga yetkazib berish xizmati ham bor”
Kuz-qish mavsumi oldidan tabiiy gaz yetib bormagan hududlar aholisini ko‘mir bilan ta’minlash dolzarb masalalardan biri. Namangan viloyatida bu yo‘nalishda sakkiz naf...
O'qish
Operatsion samaradorlik va mehnat unumdorligini oshirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 14-sentabr “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida operatsion samaradorlik va mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish y...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” AJ vakili “Rossiya energetika haftaligi ‒ 2026” xalqaro forumida ishtirok etmoqda
2026-yil 14–16-oktabr kunlari Moskva shahrida ”Rossiya energetika haftaligi ‒ 2026” IX xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda. Yoqilg‘i-energetika sohasidagi muhim xalqaro tadbir...
O'qish