Sirdaryo ko‘mir omborlariga press-tur tashkil etildi
Nashr qilingan sana: 08.08.2025 18:11:36
2025 yil 8 avgust kuni “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Sirdaryo viloyatidagi hududiy omborlariga OAV vakillari uchun press-tur uyushtirildi.
Ayni kunlarda respublikamiz bo‘ylab ijtimoiy soha ob’yektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, tabiiy gaz yetib bormagan hududlarni ko‘mir yoqilg‘isi bilan ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar, sohadagi yangiliklar haqida keng jamoatchilikka axborot berish maqsadida tashkil etilgan tadbir doirasida Guliston shahridagi “Yoshlar markazi” binosida matbuot anjumani ham o‘tkazildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan “O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati rahbari Ne’mat Dushayevning ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda jamiyat tomonidan qattiq yoqilg‘i qazib olish hajmlari izchil ortib bormoqda. Masalan, 2020 yilda – 3,8 mln tonna, 2021 yilda – 4,7 mln tonna, 2022 yilda – 5,07 mln tonna, 2023 yilda – 5,8 mln tonna, 2024 yilda esa – 6,7 mln tonna ko‘mir qazib olingan. 2025 yil uchun esa 6,8 mln tonna ko‘mir qazib olish rejalashtirilgan.
Joriy yilning 7 oylik yakunlariga ko‘ra “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan 3 mln 460,8 ming tonna mahalliy ko‘mir qazib olindi va 3 mln 145,6 ming tonna ko‘mir iste’molchilarga yetkazib berildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 101,8 foizga o‘sganini ko‘rsatadi.
2025-2026 yillar kuz-qish mavsumi uchun “Ko‘mir ta’minot” MCHJ tomonidan tasdiqlangan rejaga muvofiq, byudjet tashkilotlari va aholi ehtiyojlari uchun jami 2 mln 128 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berish belgilangan. Shundan aholi uchun — 1 mln 467,7 ming tonna, byudjet tashkilotlari uchun — 660,3 ming tonna ko‘mir ajratilgan.
Hozirda “Ko‘mir ta’minot” MCHJ tomonidan mahsulotlar 90 ta hududiy ombor va 15 ta mavsumiy shahobchalar orqali tarqatilmoqda. Anjumanda “Ko‘mir ta’minot” MCHJ Sirdaryo viloyati filiali rahbari Jumaboy Xudoyberdiyev viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, tadbirda “Mycoal.uz” elektron platformasi faoliyatiga oid taqdimot ham o‘tkazildi. Ushbu platforma 2024 yilda “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan joriy etilgan bo‘lib, u orqali ko‘mir tarqatish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan. Bu tizim aholi va tashkilotlar uchun qulay va shaffof xizmat ko‘rsatishni ta’minlab, mahsulot harakatini real vaqtda kuzatish imkonini beradi. Bu esa o‘z navbatida talon-taraj holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Taqdimotda OAV va jamoatchilik vakillari platformaning afzalliklari va foydalanish imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldilar, shuningdek, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Press-tur doirasida ishtirokchilar uchun Boyovut tumanidagi ko‘mir omboriga tashrif ham tashkil etildi. Bu yerda ular ombor faoliyati, iste’molchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Shuningdek, ko‘mir xarid qilishga kelgan mahalliy tashkilotlar va aholi vakillari bilan suhbatlashdilar.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Boyovut tuman ko‘mir ombori hududdagi to‘rtta tuman iste’molchilariga xizmat ko‘rsatadi. Hozirda bu yerda byudjet tashkilotlarini ko‘mir bilan ta’minlash ishlari yakuniga yetib borayotgan bo‘lsa, juda yaqin kunlarda aholi uchun ham tarqatish ishlari boshlanishi rejalashtirilgan.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati




Oxirgi yangiliklar:
Angren ko‘mir konida ona tiliga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
«O‘zbekko‘mir» AJ Angren ko‘mir koni filialida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda O‘zbeki...
O'qish
Iste’molchi: “Ko‘mirning sifati ham, narxi ham ma’qul, uyga yetkazib berish xizmati ham bor”
Kuz-qish mavsumi oldidan tabiiy gaz yetib bormagan hududlar aholisini ko‘mir bilan ta’minlash dolzarb masalalardan biri. Namangan viloyatida bu yo‘nalishda sakkiz naf...
O'qish
Operatsion samaradorlik va mehnat unumdorligini oshirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 14-sentabr “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida operatsion samaradorlik va mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish y...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” AJ vakili “Rossiya energetika haftaligi ‒ 2026” xalqaro forumida ishtirok etmoqda
2026-yil 14–16-oktabr kunlari Moskva shahrida ”Rossiya energetika haftaligi ‒ 2026” IX xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda. Yoqilg‘i-energetika sohasidagi muhim xalqaro tadbir...
O'qish