Sog‘lom turmush tarzi targ‘ib qilingan tadbir
Nashr qilingan sana: 29.11.2024 18:15:29#1_dekabr_Jahon_OITSga_qarshi_kurash_kuni
Bugun dunyoda global muammolar ko‘p. Shulardan biri OITS (orttirilgan immun tizimi sindromi)dir. Ushbu xastalik shunday qotilki, na jins, na irq, na millat va na chegara tanlaydi.
Ilk bor 1981 yil aniqlangan ushbu kasallik mislsiz oqibati bilan butun insoniyatni chuqur qayg‘uga botirdi. Har yili 1 dekabr – Jahon OITSga qarshi kurash kunini dunyo xalqlari alohida nishonlaydi. Bu sanada jahon bo‘ylab ushbu qo‘rqinchli kasallik tufayli vafot etgan millionlab kishilar, ular ortida qolgan g‘amgusor oilalar yodga olinadi.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida sana arafasida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri aynan mazkur xastalik, uning kelib chiqish sabablari, oqibatlari mavzusiga bag‘ishlandi.
“Qurilish-montaj ishlari” filiali majlislar zalida tashkil etilgan tadbirda jamiyat ijro apparati va filiallar ishchi-xodimlari ishtirok etdi.
Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Abdunosir Qayumov tadbirni kirish so‘zi bilan ochar ekan, OITS xastaligi va undan saqlanish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish zarurligini alohida ta’kidladi.
Insonning barcha to‘qimalarida uchraydigan OITV zararlangan kishi tanasiga ichki suyuqlik orqali yuqishi, sperma, qin ajralmasi, qon va ko‘krak suti orqali tarqalishi aniqlangan. OITV – OITS rivojlanishining asosiy sababidir. Ba’zan virus yuqqan odamda OITS rivojlanmasligi ham mumkin.
Tadbirda so‘z olgan shifokorlar ko‘p hollarda OITV o‘z vaqtida aniqlanmaslik natijasida kuchayib ketishi va boshqalarga yuqish holatlari ko‘payishini taassuf bilan qayd etdilar. Kasallik asosan, uch xil usulda – onadan bolaga, qon va jinsiy aloqa orqali ko‘chadi. Bugungi kunda ham keng tarqalgan mazkur xastalikka har yili dunyo bo‘ylab 1,5 milliondan ortiq odam uchraydi. Davrning global muammolaridan biriga aylangan OIV infeksiyasi epidemiya boshlangandan buyon jami 75 milliondan ziyod odamga yuqqani aniqlangan.
Bugungi kunda Infeksiya onadan bolaga o‘tishining oldini olish maqsadida retrovirusga qarshi joriy etilgan profilaktika samaradorligi 95 foizdan ziyod darajani ko‘rsatmoqda. OIV infeksiyasini respublikamizda tarqalishining oldini olish maqsadida YuNISEF, YuNFPA kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshirilmoqda. BMT ma’lumotiga ko‘ra, OITSdan o‘lim holati eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan 2004 yildan beri, deyarli, 70 foiz kamaydi. Yangi infeksiya o‘tgan asr 80-yillaridan buyon eng past darajani ko‘rsatmoqda.
Shunga qaramay, OITS har daqiqada birovning hayotiga zomin bo‘lyapti. BMT rejalariga ko‘ra, 2030 yilga borib OITSni xalq salomatligiga tahdid sifatida yo‘q qilish mumkin va shart.
Mamlakatimizda “OITSga qarshi kurashish tizimini raqamlashtirish yo‘nalishida qator yutuqlarga erishilmoqda. Xususan, “Idoralararo telemeditsina” xizmatlarini rivojlantirish ishlari jadal sur’atlarda olib borilyapti. Tizimda farmasevtika mahsulotlarini hisobga olish va nazorat qilish axborot tizimi to‘liq yaratilib, ishga tushirildi. “Laboratoriya” axborot platformasi yo‘lga qo‘yildi. Natijada sohadagi statistik ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va saqlash, ularning hisob hamda hisobotini yuritish to‘liq elektron axborot tizimi orqali avtomatik shakllanishiga erishildi.
Tizimda resurslar va ma’lumotlar bazalarini muhofaza qilish bo‘yicha texnik infratuzilma tatbiq etildi. Bunda ma’lumotlar bazasi alohida maxsus serverlarda joylashgan bo‘lib, konfidensiallik to‘liq ta’minlanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz tomonidan ushbu kasalikni erta aniqlash va davolashni yo‘lga qo‘yish borasida barcha zarur tabdirlar amalga oshirilmoqda Shunday ekan, yurtdoshlarimiz ushbu kasallikdan ogoh bo‘lishi, sog‘lom turmush tarzini odat qilishi muhim, deyildi tadbirda.
Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda ishtirokchilari mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.
Tadbir Muqimiy nomidagi davlat musiqali teatri artistlarining mavzu bo‘yicha chiqishlari bilan yakunlandi.
Ne’mat Dushayev,
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati rahbari
Izohlar
Oxirgi yangiliklar:
Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi
9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni. Shu munosabat bilan “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tarkibiy tuzilmalarida e’lon qilingan “Korru...
O'qishMahalliy ko‘mir qanday qazib olinadi?
Iqtisodiyotning muayyan tarmoqlarida, shuningdek, tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan hududlarda ko‘mirdan foydalanish ancha qulay. O‘zbekiston esa yer osti qazilmalariga boy...
O'qishYong‘in xavfsizligi: amaliy ko‘nikmalar oshirilmoqda
Yong‘in xavfsizligi: amaliy ko‘nikmalar oshirilmoqda O‘lkamizga qish fasli kirib keldi. Ushbu mavsumda tabiiy va texnogen tusdagi ofatlar xavfi kuchayadi...
O'qish