Bayramlar inson qalbiga ruh bag‘ishlaydi
Nashr qilingan sana: 13.05.2026 12:26:07
Yurtimizda nishonlanadigan umumxalq bayramlari, muhim sanalar va kasb bayramlari xalqimizni birlashtiruvchi, inson qalbiga g‘urur va iftixor bag‘ishlovchi qutlug‘ ayyomlardir. Ayniqsa, mehnat ahlini qadrlashga qaratilgan kasb bayramlari odamlarga o‘z mehnatining qadrini his etish, kasbi bilan faxrlanish, ertangi kunga ishonch bilan qarash tuyg‘usini beradi. Bu ayniqsa mashaqqatli va sharafli konchilik sohasida mehnat qilayotgan insonlar uchun juda muhim.
O‘zbekistonda har yili may oyining uchinchi yakshanbasida nishonlanadigan Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni ana shunday e’zoz va ehtirom ayyomi hisoblanadi. Ushbu bayram 2001 yil 12 mayda qabul qilingan Qonun asosida joriy etilgan bo‘lib, soha vakillarining og‘ir va sharafli mehnatini qadrlashga xizmat qilib kelmoqda.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida ham ushbu sana har yili katta tantana sifatida nishonlanadi. Bayram kunlari mehnat faxriylari, keksa konchilar va ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinadi. Konchilar spartakiadasi, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, konsert dasturlari jamoada birdamlik va ahillik muhitini mustahkamlaydi. Ilg‘or xodimlar davlat va tarmoq mukofotlari, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi. Bu esa insonni yanada fidoyi mehnat qilishga undaydi, kasbga mehr va sadoqatni kuchaytiradi.
Ana shunday insonlardan biri – faxriy konchi Turob Umirovdir.
Turob aka 1955 yilda Ohangaron tumanidagi Turkqishloq qishlog‘ida mehnatkash oilada dunyoga kelgan. Uning otasi Abduxalik Umirov va amakilari urushdan keyin Angren ko‘mir koni qurilishida ishtirok etgan, temir yo‘l shpallari tashib, rels yotqizgan fidoyi insonlar edi. Shuning uchun Turob aka konchilikni nafaqat kasb, balki taqdir deb biladi.
Maktabni tugatgach, u Angrendagi kasb-hunar bilim yurtida ekskavator mashinisti mutaxassisligini egalladi. Ilk mehnat faoliyatini suv chiqarish uchastkasida boshlab, keyinchalik ekskavator yordamchisi, mashinist va brigada boshlig‘i darajasigacha yetdi.
U ko‘p yillar davomida Angren razrezidagi yirik texnikalarda mehnat qildi. Yuzlab tonna og‘irlikdagi ekskavatorlarni boshqarish, avariya va nosozliklarni bartaraf etish, yangi texnikalarni yig‘ish va sozlash ishlarida katta tajriba orttirdi. Hatto mutaxassislar payqamagan nuqsonlarni ham sezib, ularni bartaraf etardi.
– Konchi bo‘lish uchun faqat kuch emas, yurak ham kerak, – deydi Turob aka.
Uning ko‘p yillik halol mehnati munosib qadrlangan. Turob Umirov “Mehnat shuhrati” ordeni, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni hamda qator mukofotlar bilan taqdirlangan.
Bugun u nafaqada bo‘lsa-da, “O‘zbekko‘mir” AJ faxriylar kengashi raisi sifatida jamiyat hayotida faol ishtirok etib kelmoqda. O‘zining boy hayotiy tajribasi, maslahat va yo‘l-yo‘riqlari bilan yosh avlod tarbiyasiga, mehnat jamoalarida ahillik muhitini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda. Ayniqsa, bayram tadbirlarida ishtirok etib, konchilarning quvonchi, fikr va tilaklarini ifoda etadi, mehnat ahliga ruh va dalda bag‘ishlaydi.
Chunki u uchun konchilik – butun umr mazmuni.
Bayramlar ana shunday insonlarni e’zozlash, ularning hayot yo‘li va mehnatini yoshlarga namuna qilib ko‘rsatish uchun kerak. Zero, inson qadr topgan joyda mehnatga muhabbat, jamoada birdamlik va yurt taraqqiyotiga ishonch mustahkam bo‘ladi.

Oxirgi yangiliklar:
Qora metallurgiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi
2026-yil 13-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida qora metallurgiya sanoatini rivojlantirish, tarmoqning raqobatbardoshligini oshirish, mahalliy xomashyo bazas...
O'qish
1–30-iyul kunlari “Dolzarb 30 kun” profilaktika oyligi o‘tkazilmoqda
“Dolzarb 30 kun” profilaktika oyligi davom etmoqda “O‘zbekko‘mir” AJda ishlab chiqarish obyektlarida sanoat va yong‘in xavfsizligini mustahkamlash, favqulodda vaz...
O'qish
Ommaviy axborot vositalari diqqatiga: “O‘zbekko‘mir” AJda brifing o‘tkaziladi
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash natijalariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tadi. Brifing 2026-yil 1...
O'qish
“Avtomobilsiz kun”: – bir kunlik tashabbus – doimiy odat
Ba’zan katta o‘zgarish uchun juda katta ish qilish shart emas. Bir kunga bo‘lsa ham xizmat avtomobilidan voz kechish, piyoda yurish yoki jamoat transportidan foydalan...
O'qish