Brinfing: kondan xonadongacha: ko‘mir ta’minoti qanday kechmoqda?
Nashr qilingan sana: 12.11.2026 10:40:12Brinfing: kondan xonadongacha: ko‘mir ta’minoti qanday kechmoqda?
2026-yilda “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan 5,7 million tonna ko‘mir qazib chiqarish, shundan 1 million 530 ming tonnasini aholi ehtiyojlari uchun yo‘naltirish rejalashtirilgan. Joriy yilning yanvar–oktyabr oylarida esa 5 million 488,9 ming tonna ko‘mir qazib olindi, iste’molchilarga 4 million 784,4 ming tonna mahsulot yuklab jo‘natildi.
2026/2027-yillar kuz-qish mavsumida aholini ko‘mir bilan ta’minlash borasidagi ishlar, mavjud ko‘rsatkichlar va yangi ta’minot tizimining joriy etilishi haqida 12-noyabr kuni “O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati mutaxassisi Abdunodir Nosirov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Brifingda ta’kidlanganidek, 12-noyabr holatiga ko‘mir ta’minotining asosiy ko‘rsatkichlari quyidagicha:
– aholi uchun birja savdolariga 1 048 461 tonna ko‘mir chiqarildi;
– tadbirkorlar tomonidan birjadan 987 556 tonna ko‘mir xarid qilindi;
– xarid qilingan ko‘mirdan 542 776 tonnasi konlardan ortib jo‘natildi;
– shundan 417 136 tonnasi qabul qilib olindi;
– tadbirkorlar tomonidan aholiga 308 734 tonna ko‘mir sotildi;
– omborlardagi mavjud qoldiq 108 402 tonnani tashkil etmoqda;
– yana 125 640 tonna ko‘mir belgilangan manzillarga yetkazib berish uchun yo‘lda.
Bugungi kunda respublika bo‘yicha aholiga ko‘mir sotish va yetkazib berish bilan 89 ta tadbirkorlik subekti shug‘ullanmoqda.
Qayd etilishicha, ko‘mir ta’minoti bir necha bosqichda amalga oshiriladi. “O‘zbekko‘mir” AJ zimmasiga ko‘mir qazib olish, uni birja savdolariga chiqarish hamda tadbirkorlar tomonidan xarid qilingan mahsulotni konlardan o‘z vaqtida ortib jo‘natish vazifalari yuklatilgan.
Keyingi bosqichda esa tadbirkorlar mahsulotni qabul qilib olish, omborlarga joylashtirish va aholiga sotishni tashkil etadi.
Jamiyat tomonidan tadbirkorlarga birja savdolarida ishtirok etish, shartnomalarni rasmiylashtirish, MyCoal.uz platformasidan foydalanish va ko‘mirni o‘z vaqtida olib ketish bilan bog‘liq masalalarda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Ta’minot jarayonining uzluksiz va tartibli tashkil etilishini ta’minlash maqsadida aksiyadorlik jamiyatida Ichki ishlar vazirligining maxsus shtabi ham faoliyat yuritmoqda.
Brifingda yangi ta’minot tizimiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 418-son qarori asosida ko‘mir ta’minotida bozor mexanizmlari joriy etilgani, endilikda aholi ko‘mirni tadbirkorlar orqali xarid qilishi qayd etildi.
MyCoal.uz platformasi orqali bir nechta taklifni solishtirish, sotuvchini tanlash, buyurtma berish va uning holatini kuzatish imkoniyati yaratilgan.
Yakuniy narx birjadagi xarid qiymati, yuklash, tashish va boshqa xarajatlardan kelib chiqib shakllanadi. Shu bois sotuvchi tadbirkorlar narx va yetkazib berish shartlari uchun mas’ul hisoblanadi. Fuqarolar esa mavjud takliflarni solishtirib, o‘zlari uchun maqbul variantni tanlashlari mumkin.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ham e’tibordan chetda emas. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga MyCoal.uz platformasi orqali xarid qilingan har bir tonna ko‘mir uchun 300 ming so‘mdan, bir kalendar yilida jami 600 ming so‘mgacha kompensatsiya berish tartibi nazarda tutilgan.
Ta’minot jarayonida yuzaga keladigan muammolarni tezkor hal etish uchun fuqarolarga murojaatlarni tegishli tashkilotlarga yo‘naltirish tavsiya etildi.
Jumladan, ko‘mirning konlardan o‘z vaqtida jo‘natilishi bilan bog‘liq masalalarda “O‘zbekko‘mir” AJga, omborlarda mahsulot mavjudligi, sotish narxi va yetkazib berish bo‘yicha esa sotuvchi tadbirkorlarga murojaat qilish lozim.
Narxlarni asossiz oshirish yoki raqobat qoidalarini buzish holatlari yuzasidan Raqobat qo‘mitasining 1159 qisqa raqamiga xabar berish mumkin.
Shuningdek, ko‘mir xarid qilish va buyurtma berishda qiynalayotgan fuqarolarga mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda tadbirkorlar tomonidan amaliy ko‘mak ko‘rsatilayotgani ta’kidlandi.
Brifing yakunida “O‘zbekko‘mir” AJ aholi ehtiyojlari uchun belgilangan ko‘mir hajmini qazib olish, uni birja savdolariga o‘z vaqtida chiqarish va xarid qilingan mahsulotni konlardan ortib jo‘natish ishlarini izchil davom ettirishi bildirildi.
Asosiy maqsad — kuz-qish mavsumida aholining ko‘mirga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, ta’minot jarayonida ochiqlik va shaffoflikni saqlash.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati
Oxirgi yangiliklar:
Ta’minot: ko‘mir kondan xonadongacha − kim nimaga javobgar?
Ko‘mir ta’minoti faqat mahsulotni qazib olish va sotishdan iborat emas. Bu jarayondaishlab chiqaruvchi, birja, tadbirkor, tashuvchi va iste’molchi ishtirok etadi. Ularnin...
O'qish
INSON QADRI — E’TIBOR VA E’ZOZDA!
Hurmatli hamkasblar, qadrli konchilar va mehnat faxriylari! Sizlarni 11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati Birlas...
O'qish
ISHCHI INSON MANFAATI — ENG OLIY QADRIYATIMIZ
Qadrli kasaba uyushmalari faollari va aʼzolari, aziz konchilar, hurmatli hamkasblar! Sizlarni 11 noyabr — Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan sami...
O'qish