Fargʻonada tejamkor isitish qozonlari ishlab chiqarilmoqda
Nashr qilingan sana: 28.04.2023 06:55:47"Fargʻona issiqlik taʼmir" masʼuliyati cheklangan jamiyatida "Yormozor" tamgʻasi bilan zamonaviy isitish qozonlari ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar iqtisodiy tejamkor, uzoq muddat ishlash xususiyatlari bilan ajralib turadi. Yoqiladigan koʻmir sarfi avvalgi qozonlarga qiyoslanganda besh hissa kam, isitish darajasi esa yuqori.
Korxonada maydoni 20 kvadrat metrdan 10 ming kvadrat metrgacha boʻlgan uy-joy va boshqa ijtimoiy soha obyektlarini isitishga moʻljallangan 10 turdagi qozonlar ishlab chiqarilmoqda. Yangi turdagi qozonlar mahalliy koʻmirda ishlaydi, issiqlik tizimi tabiiy aylanish xususiyatiga ega. Natijada elektr energiya sarflamasdan ham bir meʼyorda issiqlik yetkazib berish imkoniyatini beradi.
– Prezidentimiz joriy yil 3 aprel kuni ijtimoiy soha obyektlari isitish tizimlarini modernizatsiya qilish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan oʻtkazgan yigʻilishda isitish tizimini isloh qilish, kam yoqilgʻi sarflagan holda sifatli issiqlik yetkazib berishni koʻpaytirishga eʼtibor qaratish borasida bergan koʻrsatmalari muhim dasturilamal boʻldi, – deydi "Fargʻona issiqlik taʼmir" masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Ulugʻbek Poʻlatov. – Shu maqsadda sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, yangi tajriba, tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, kam xom ashyo sarflab, meʼyor talablariga mos boʻlgan issiqlik ishlab chiqaruvchi tejamkor qozonlar tayyorlashga eʼtibor beryapmiz. Mahsulotlarimiz nafaqat tejamkorligi, balki boshqa isitish qozonlariga nisbatan arzonligi bilan ham ajralib turadi. Ayni kunda yanada tejamkor va ish sifati yuqori boʻlgan yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarish borasida izlanishlar olib boryapmiz.
"Yormozor" qozonlari bir soatda 2 kilogramm mahalliy koʻmir sarflaydi. Bu odatdagi isitish qozonlarining isteʼmoliga nisbatan besh barobar kam. Isitish qozonlarining koʻmir sarfi kuz va qish mavsumiga taqqoslab hisob-kitob qilinsa, mavsumda 100 tonnadan ortiq koʻmir tejab qolish mumkin.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, joriy yil yakuniga qadar aholi va boshqa ijtimoiy soha obyektlariga 10 ming donadan ortiq ana shunday tejamkor isitish qozonlari yetkazib beriladi. Asosiy maqsad – kuz-qish mavsumida aholi va barcha ijtimoiy muassasalarni sifatli issiqlik bilan taʼminlash.
Bugungi kunda Fargʻona viloyatidagi 1 ming 836 ta ijtimoiy soha obyektlari koʻmir yoqilgʻisida, 459 tasi tabiiy gaz va 14 ta muassasa markazlashgan issiqlik bilan taʼminlangan. Oʻtgan mavsumda tarmoqlar uchun 24,4 million kub metr tabiiy gaz, 77,7 ming tonna mahalliy koʻmir yetkazib berildi. 2023-2024 yil kuz-qish mavsumi uchun 94,4 ming tonna koʻmir yetkazib berish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish ishlari boshlanmoqda.
M.Sulaymonov, OʻzA
Oxirgi yangiliklar:
Ertalabki badantarbiya – tetiklik va yaxshi kayfiyat garovi
Ertalabki badantarbiya bilan boshlangan ish kuni insonga kun davomida tetiklik va yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi. “O‘zbekko‘mir” AJda bugun, juma kuni ham ish kuni ana shun...
O'qish
Ko‘mir sohasida bozor mexanizmlari: dolzarb savollarga tezkor javoblar
2026-yil 26-avgust kuni “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan O‘zMTRK “Toshkent” telekanali studiyasida “O‘zbekko‘mir” AJning 2026-yil I-yarim yillik yakunlari va ko‘mir sohasida b...
O'qish
Yangi o‘quv yili – yangi orzu va maqsadlar sari
Bugun yurtimiz maktablarida quvonchli ayyom – yangi o‘quv yili boshlandi. Yangi 2026/2027-o‘quv yilining ilk kuni mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalarida Bi...
O'qish
Men konchiman ‒ mehnatim bilan, ijodkorlik ‒ maslagim
Biz, tengdoshlarim bilan birga, Mustaqillik davrida tug‘ilib, shu muhitda ulg‘aydik. Eski davr qanday bo‘lganini kattalarimizdan eshitib, kitoblardan o‘qib bildik. S...
O'qish