Koʻmir konlarida 50 yil ishlagan otaxon
Nashr qilingan sana: 18.05.2023 13:37:19"Oʻzbekkoʻmir" aksiyadorlik jamiyati tashkil tonganiga bu yil 75 yil toʻldi. 1948 yilda Toshkent viloyatining Ohangaron vodiysida, Chatqol va Qurama togʻ etaklaridagi koʻmir havzasi negizida "Angren" ochiq konining qurib foydalanishga topshirilishi bilan Oʻzbekiston koʻmir sanoatiga asos solindi.
Oʻtgan 75 yillik zalvorli yoʻl davomida bu yerda koʻmir sanoati taraqqiy etdi, konchilar shahri Angren barpo etildi, yuzlab konchilar sulolalari yetishib chiqdi. Koʻmir konlarida uzoq yillar ishlagan konchilar ona Vatanga xizmatidan mamnun holda elda eʼtibor topdilar.
Hikoyamiz qahramoni mehnat fronti faxriysi Tillaxoʻja Qurbonov ana shunday sharafli kasb egalaridan biri.
Umrining 50 yilini koʻmir sanoati rivojiga bagʻishlagan konchi T.Qurbonov 1933 yilda Toshkent viloyatining Piskent tumanida tugʻilgan. U sakkiz yoshidanoq mehnat bilan shugʻullanib, kolxoz dalasida ketmon chopdi, chorvachilik, parrandachilik bilan shugʻullandi. Shu tariqa urush davrlarida mehnat frontining barcha qiyinchiliklarini boshidan kechirdi. Otasi Qurbonxoʻja va oʻn oltiga toʻlgan akasi Mamarali frontga joʻnab ketgach, oila boqish uning gardaniga tushdi. Ota urushdan qaytmadi, undan qoraxat keldi, akasi ogʻir yarador boʻlib keldi va u ham koʻp oʻtmay vafot etdi.
Tillaxoʻja Qurbonov 1953 yilda harbiy xizmatga chaqirildi. U oʻshanda koʻmir konini ilk bor Donetsk viloyatining Krasnoarmeysk shahri yaqinida koʻrdi. Shu-shu Ukrainaning mashhur ushbu koʻmir koni oʻzbek oʻgʻlonining yigirma yil davomida chinakam ikkinchi uyiga aylandi. U shu yerda ishlab, konchilik boʻyicha juda koʻp narsalarni oʻrgandi, ustozlardan kasbiy tajriba orttirdi, eng muhimi, konchilikka butun qalbi bilan mehr qoʻydi.
Oʻzbekistonga qaytgach, Angrenda konchi sifatida mehnat faoliyatini davom ettirdi. U uzoq yillar 9-koʻmir konida konchilar brigadasiga rahbarlik qilib, Oʻzbekiston koʻmir sanoati rivojiga munosib hissa qoʻshdi.
– Biz Tillaxoʻja Qurbonov bilan birga ishladik, u oʻttiz yil davomida bilimi va tajribasini mahalliy konchilikka sarfladi, bir necha avlod yosh konchilarga mahorat asoslarini oʻrgatdi, bu sohada u chinakam baxtli konchi, – deydi "Gornyak" mehnat faxriylarini qoʻllab-quvvatlash jamoat tashkiloti rahbari N. Azemkin.
Darhaqiqat T.Qurbonov konchilik sohasidagi fidoyiligi tufayli elda eʼtibor topdi, mehnatlari davlat va korxona tomonidan eʼtirof etildi. Biz faxriy konchi, mehnat fronti ishtirokchisi Tillaxoʻja otani 9 may ‒ fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 78 yilligi hamda "Oʻzbekkoʻmir" AJning 75 yilligi bilan tabriklab, unga uzoq umr, sihat salomatlik tilaymiz.
Diana ANDREYEVA
"Oʻzbekkoʻmir" gazetasi, 2023 yi 18 may sonidan olindi
Suratda: T.Qurbonov "Gornyak" mehnat faxriylarini qoʻllab-quvvatlash jamoat tashkiloti rahbari N. Azemkin bilan.
Izohlar
Oxirgi yangiliklar:
Yong‘in xavfsizligi qoidalari targ‘ib qilinmoqda
Respublikamizda 15-noyabrdan boshlangan “Yong‘in xavfsizligi oyligi” tadbirlari davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Hukumat komissiyasining 2024-yil 28-...
O'qishDavlat xizmatchisiga tadbirkorlik taqiqlanadi
Shu yilning 6-dekabr kunidan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Qonuni kuchga kiradi. Shu munosabat bilan “O‘zbekko‘mir” aksiyador...
O'qishIste'molchi murojaati joyida ijobiy hal etildi
Aholi iste’molchilariga ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berish jarayonida fuqarolardan tushayotgan takliflar ham inobatga olinib, ular tomonidan kiritilayotgan muammoli masala...
O'qishRespublikamizda “Yong‘in xavfsizligi oyligi” boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Hukumat komissiyasining 2024-yil 28-oktabrdagi 2-son bayoniga asosan joriy yilning 15-noyabridan 15-dekabriga qadar Respublikamiz hududida “Yon...
O'qish