O‘z ishimni yaxshi ko‘raman: mehnatda o‘z o‘rnimni topyapman
Nashr qilingan sana: 01.09.2026 14:35:52Mustaqillik bayrami kunlarii barchada kayfiyat ko‘tariladi. Ko‘chalarda bayramona bezaklar, odamlarda shodlik, ish joylarida esa alohida harakat seziladi. “O‘zbekko‘mir” AJda ham bayram shukuhi hukmron.
Men uchun bu bayramning yana bir o‘ziga xos jihati bor. Chunki bugun men o‘zim mehnat qilayotgan korxona, o‘z jamoam, o‘z ishim haqida o‘ylayman. Va “Men ham shu yerda mehnat qilayapman”, deb ich-ichimdan xursand bo‘laman.
Jamiyatga 2019 yilda ishga kirganman. O‘sha paytda akademik liseyni endi tamomlagan edim. Jigariston mahallasida yashardik. “Angren” koni uyimizga yaqin bo‘lgani uchun bu yerda ishlashni istaganman. Ayniqsa, qiz bola uchun ishga uzoqqa qatnab borish-kelish oson emas.
Dadam ham: “Shu yerga hujjat topshirib ko‘r”, deb maslahat berdilar. Shunday qilib, kon ma’muriyatiga bordim.
Rostini aytsam, ishga kirishim oson kechmagan. Menga mos bo‘sh ish o‘rni yo‘q edi. Lekin harakat qildim. Nihoyat, niyatim amalga oshib, kasanachilik bo‘limiga muqovalovchi bo‘lib ishga qabul qilindim.
Yangi ish, yangi muhit, yangi odamlar... Avvaliga hammasi qiziq tuyulardi. Ishni menga Dilrabo ismli tengdoshim o‘rgatdi. Undan ko‘p narsani o‘rgandim.
Ishim unchalik murakkab ko‘rinmasligi mumkin. Ammo har bir ishning o‘z mas’uliyati bor. Men korxona hujjatlarini muqovalayman va tartibga keltiraman. Tabellar, protokollar, xatlar, hisobotlar, raportlar ‒bu hujjatlarning barchasi keyin arxivda saqlanadi.
Shuning uchun ishimga “mayli, bo‘laveradi” degan qarash bilan yondashmayman. Hujjat tekis, toza va tartibli bo‘lishi kerak. Menga ishni chiroyli qilib bajarish yoqadi. Balki bu oddiy narsadir, lekin o‘z ishingga mas’uliyat bilan qarash shundan boshlanadi, deb o‘ylayman.
Kasanachilik bo‘limida turli kasb egalari mehnat qiladi. Etikdo‘z, rassom, gulchi, duradgor, tikuvchi... Har kim o‘z ishining ustasi. Ishchilar uchun maxsus kiyimlar tikiladi, oyoq kiyimlari ta’mirlanadi, gul ko‘chatlari yetishtiriladi.
Menga eng yoqadigan jihat ‒ jamoamiz. Xolisxon, Baxtigul, Maftuna kabi hamkasblarim bilan munosabatimiz yaxshi. Kimgadir yordam kerak bo‘lsa, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bo‘lim boshlig‘imiz Go‘zal Rahmatullayeva ham ishni tushunarli qilib topshiradilar.
Mutaxassisligim esa buxgalterlik. Shuning uchun kelajakda o‘z soham bo‘yicha ishlashni xohlayman. “O‘zbekko‘mir”dagi bo‘sh ish o‘rinlarini ham kuzatib boraman. Balki bir kuni buxgalteriyada ish boshlarman.
Lekin bugungi ishimni aslo kamsitmayman. Aksincha, shu yerda ishlab, ko‘p narsani o‘rgandim. Vaqtga rioya qilishni, mas’uliyatni, odamlar bilan til topishishni, eng muhimi, har qanday mehnatni qadrlashni.
Menimcha, yosh inson uchun eng muhimi, qayerda ishlashidan ko‘ra, ishiga qanday munosabatda bo‘lishi. Bugun kichik vazifani yaxshi bajarsang, ertaga kattaroq mas’uliyatga tayyor bo‘lasan.
Mustaqillik men uchun ‒ imkoniyat. O‘qish, kasb o‘rganish, ishlash, o‘zingga munosib yo‘lni tanlash imkoniyati.
Men hali yo‘limning boshidaman. Oldinda rejalarim ko‘p. Hozir esa bor imkoniyatdan foydalanib, ishimni yaxshi qilishga harakat qilaman.
Chunki o‘z ishingdan rozi bo‘lishning o‘zi katta baxt. Mehnatingdan faxrlanish esa undan ham katta baxt.
Madina OMILOVA,
“Qurilish, montaj ishlari va ijtimoiy soha” filiali
kasanachilik bo‘limi xodimi
.jpg)
Oxirgi yangiliklar:
Pensiya ta’minoti tizimidagi yangiliklar muhokama qilindi
“O‘zbekko‘mir” AJda pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishga qaratilgan Prezident farmoni loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi....
O'qish
Ko‘mir bor joyda tabiatga ham e’tibor bor
Bilamizki, bir tonna ko‘mir faqat energiya manbaigina emas. U tabiat oldidagi mas’uliyatni ham anglatadi. Uni qazib olish, saralash, tashish va saqlashning har bir b...
O'qish
Kuz-qish mavsumi: favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik kuchaytirilmoqda
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va energetika sohasi ob’ektlarining mavsumiy barqarorligini ta’minlash maqsadida...
O'qish
Ish jarayonida ham sportga hamisha vaqt topiladi
Korxonamizda xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, jismoniy faolligini oshirishi va sog‘lom turmush tarziga amal qilishi uchun barcha zarur sharoitlar y...
O'qish