SPORT – SOG‘LOM JAMOA VA YUQORI NATIJALAR GAROVI
Nashr qilingan sana: 25.06.2026 12:33:23Bugungi kunda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu bejiz emas. Chunki sog‘lom inson – kuchli jamoa, kuchli jamoa esa har qanday korxona va tashkilot muvaffaqiyatining asosiy omilidir.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida ham sport va jismoniy tarbiya masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Korxonada turli sport turlari bo‘yicha musobaqalar, spartakiadalar, ommaviy sport tadbirlari muntazam tashkil etiladi. Konchilarimiz Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimida o‘tkazilayotgan sport musobaqalarida faol ishtirok etib, munosib natijalarga erishib kelmoqda.
Ayni kunlarda davom etayotgan O‘zbekiston Korporativ mini-futbol ligasi musobaqalari ham buning yaqqol isbotidir. Jamiyatimiz jamoasi nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli qatnashib, korxona sha’nini munosib himoya qilmoqda. Xususan, azaliy raqiblaridan biri bo‘lgan “Navoiyuran” jamoasi ustidan qozonilgan g‘alaba sportchilarimizning tayyorgarligi va g‘alabaga bo‘lgan intilishini yana bir bor namoyon etdi.
Biroq sportdagi yutuqlar bilan cheklanib qolish mumkin emas. Zamon talabi har bir xodimning kundalik hayotida ham jismoniy faollikni oshirishni taqozo etmoqda. Chunki sport nafaqat sog‘liqni mustahkamlaydi, balki insonda intizom, mas’uliyat, iroda va maqsad sari qat’iy intilish kabi muhim fazilatlarni shakllantiradi. Sport bilan muntazam shug‘ullangan inson o‘z ishiga ham mas’uliyat bilan yondashadi, mehnat unumdorligi ortadi.
Shu ma’noda, jamiyat bosh direktori tomonidan har haftaning juma kunini “Sport kuni” deb belgilash to‘g‘risidagi buyruqning qabul qilinishi muhim va dolzarb tashabbus bo‘ldi. Endilikda jamiyat ijro apparati hamda barcha filiallarda ish kuni ishlab chiqarish badantarbiyasi bilan boshlanadi. Ish boshlanishidan avvalgi qisqa jismoniy mashqlar xodimlarning kayfiyatini ko‘taradi, organizmni ish ritmiga tayyorlaydi va kun davomida samarali faoliyat yuritishiga xizmat qiladi.
E’tiborlisi, korxonamizda buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Jamiyat tasarrufidagi zamonaviy sport majmuasi va sport maydonchalari xodimlar uchun xizmat qilmoqda. So‘nggi yillarda ta’mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etgan sport majmuasida nafaqat musobaqalar, balki muntazam mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Filiallar uchun alohida jadval ishlab chiqilgan bo‘lib, yoshlarimiz va sportga qiziqadigan barcha xodimlar bo‘sh vaqtlarida kelib shug‘ullanishlari mumkin.
Stol tennisi, voleybol, futbol, stritbol, badminton, shashka va shaxmat kabi sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan. Kelgusida bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kengaytirish, xodimlarni ommaviy sportga jalb qilish va sog‘lom turmush tarzini korxona madaniyatining ajralmas qismiga aylantirish ustida izchil ish olib boriladi.
Ishonchim komilki, “Sport kuni” tashabbusi jamiyatimiz xodimlarining jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va jamoalarda yanada ahil, faol hamda intizomli muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
Zero, sog‘lom inson – korxonaning eng katta boyligidir. Sport esa ana shu boylikni asrash va mustahkamlashning eng samarali vositasidir.
Muhriddin Abdullayev,
“O‘zbekko‘mir” AJ Sport klubi raisi
Oxirgi yangiliklar:
Ko‘mir sohasidagi yangi islohotlar: bozor mexanizmlari va ijtimoiy himoya
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 418-son qarori mamlakatda ko‘mir sanoatini yanada rivojlantirish, bozor mexanizmlarini keng joriy eti...
O'qish
Islom sivilizatsiyasi markazi – ma’naviy-ma’rifiy sayohatning bosh manzili
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning ko‘p asrlik ilmiy-ma’rifiy merosi va buyuk ajdodlarimiz qold...
O'qish
Milliy malaka tizimi rivojida tog‘-kon korxonalari ishtiroki muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti h...
O'qish
Juma – sport kuni: Ertalabki badantarbiya – samara garovi
Ertalabki badantarbiya inson salomatligi uchun juda muhim. U organizmni uyg‘otadi, kayfiyatni ko‘taradi, kunni tetik va serg‘ayrat boshlashga yordam beradi. Doimiy jismon...
O'qish