Korrupsiyaga qarshi yangi qoidalar: endi nimalarga e’tibor berish kerak?
Nashr qilingan sana: 25.08.2026 16:52:32Xabaringiz bor, korrupsiyaga qarshi kurashishda talablar yanada kuchaytirildi. 2026-yil 22-iyunda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrar-ligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–1155-son Qonun qabul qilindi. Mazkur Qonun 2026-yil 23-iyundan amal qila boshladi.
Qonun bilan korrupsiyaga oid jinoyatlar doirasi aniqlashtirildi, ayrim javobgarlik choralari kuchaytirildi, korrupsiya haqida xabar be-ruvchilarni himoya qilish va korrupsiyaviy xavflarni oldindan aniqlashga qaratilgan yangi mexanizmlar belgilandi.
Yangi qoidalar oddiy xodim va rahbar uchun nimani anglatadi? Eng muhim o‘zgartishlarni sodda tilda tushuntirib o‘tamiz.
Korrupsiya deganda faqat pora tushunilmaydi
Ko‘pchilik korrupsiya deganda, avvalo, pora olish yoki berishni tushunadi. Ammo yangi qonun bilan korrupsiyaga oid jinoyatlar doirasi aniq belgilab berildi.
Jumladan, Jinoyat kodeksining 210-moddasi ‒ pora olish, 211-moddasi ‒ pora berish, 212-moddasi ‒ pora olish-berishda vositachilik qilish kabi jinoyatlar korrupsiyaga oid jinoyatlar qatoriga kiritildi.
Shu bilan birga, xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan ayrim o‘zlashtirish, firibgarlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi jinoyatlar ham belgilangan hollarda korrupsiyaga oid jinoyat hisoblanadi.
Demak, “pora olmadim-ku” degan qarashning o‘zi yetarli emas. Xizmat vakolatidan shaxsiy manfaat yo‘lida noto‘g‘ri foydalanish ham jiddiy huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Korrupsiyaga qo‘l urgan odamning keyingi faoliyati ham cheklanadi
Qonunning muhim yangiliklaridan biri ‒ korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan va sud tomonidan aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestri yuritilishidir.
Shuningdek, belgilangan hollarda bunday shaxslarga sudlanganlik mud-dati davomida davlat xizmatiga kirish, ayrim lavozimlarga nomzod bo‘lish, davlat xaridlarida ishtirok etish hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlarda rahbarlik lavozimlarida ish-lash bo‘yicha cheklovlar qo‘llaniladi.
Qisqasi, korrupsiyaning oqibati faqat bugungi jazo emas, ertangi imkoniyatlarga ham ta’sir qilishi mumkin.
Endi xavfni oldindan ko‘rish muhim
Yangi qonunning eng muhim g‘oyalaridan biri ‒ korrupsiya sodir bo‘lgandan keyin chora ko‘rish emas, uning sodir bo‘lishiga imkon bermaslik.
Shu maqsadda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vazifalari kuchaytirilib, korrupsiyaviy xavflarni tah-lil qilish va baholash, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash, korrupsiyaga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Oddiy qilib aytganda, endi savol: “Korrupsiya sodir bo‘ldimi?” emas, “Uning oldini olish uchun nima qildik?” degan yondashuvga ko‘proq ko‘chmoqda.
“Korrupsiya haqida aytsam, o‘zimga muammo bo‘lmaydimi?”
Korrupsiya holatiga duch kelgan xodimlarni o‘ylantiradigan savol shu.
Yangi qonun bilan korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish kafolatlari ham kuchaytirildi.
Xususan, qonunning Jinoyat-prosessual kodeksiga kiritilgan tegishli o‘zgartishlari asosida korrupsiya haqida xabar beruvchilarni himoya qilish mexanizmlari kuchaytirildi. Belgilangan shartlar asosida o‘z tashkilotida korrupsiyaga oid jinoyat haqida asosli xabar bergan xodimga nisbatan ikki yil davomida intizomiy jazo chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.
Shuningdek, korrupsiya haqida xabar beruvchilarni rag‘batlantirish davlat tomonidan kafolatlanadi.
Demak, korrupsiya haqida xabar berish ‒ befarq qolmaslik va qonunbuzilishning oldini olishga hissa qo‘-shishdir.
Davlat xaridlarida ham talablar kuchaytirildi
Yangi talablar davlat xaridlariga ham taalluqli. Davlat xaridi predmetining boshlang‘ich narxi bilan uning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi yo‘l qo‘yiladigan tafovutga oid talablarni buzgan mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravarigacha jarima qo‘llanilishi belgilandi.Bu yerda asosiy talab oddiy: narx asoslangan bo‘lishi, hujjatlar to‘g‘ri rasmiylashtirilishi va jarayon shaffof amalga oshirilishi kerak.
Eng muhimi ‒ har birimiz mas’ulmiz
Yangi talablarni eslab qolish qiyin emas: pora olmang va bermang. Manfaatlar to‘qnashuvini yashirmang. Xizmat vakolatidan shaxsiy manfaat uchun foydalanmang. Shubhali holatlarga befarq bo‘lmang. Korrupsiya haqida belgilangan tartibda xabar bering.
Komplayens-nazorat xizmati korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va ularning oldini olishga ko‘maklashadi. Ammo korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik ‒ har bir rahbar va xodimning shaxsiy mas’uliyati.
O‘RQ–1155-son Qonunning asosiy maqsadi ham shu: korrupsiyaga qarshi kurashishni faqat jazolash emas, oldindan ogohlantirish, xavfni aniqlash va halol ishlash muhitini kuchaytirish tizimiga aylantirish.
Zero, korrupsiyani eng samarali tarzda yengish ‒ uni sodir bo‘lganidan keyin jazolash emas, sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikdan boshlanadi.
Murodjon ABDURAIMOV,
Komplayens nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati komplayens inspektori
Oxirgi yangiliklar:
Onlayn muloqot oʻtkaziladi
📣Diqqat, e'lon! Joriy yilning 26-avgust kuni, soat 12:00 "O‘zbekko‘mir" AJda sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda fuqarolarning murojaatlarini tingl...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” xodimlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xo...
O'qish
Konchilar spartakiadasi: kuch, mahorat va hamjihatlik
“O‘zbekko‘mir” AJda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” bos...
O'qish