“Ko‘mirning rohatini uydagi odam biladi”
Nashr qilingan sana: 14.10.2026 09:31:49Ko‘mir qazish oson emas. Konchining ham, uni ishga olib borib, yana qaytarib keladigan haydovchining ham o‘z mashaqqati bor. Chang, loy, yozda jazirama issiq, qishda qahraton sovuq... Ammo shu mehnat ortida qancha xonadonning issiqqina uyi, qancha bolaning rohati borligini o‘ylasang, charchog‘ing ham unutiladi.
Men 2002 yildan buyon “O‘zbekko‘mir” tizimida ishlayman. Ishni chilangarlikdan boshlaganman, keyin buldozer boshqardim. Hozir “Transport” filialida “KamAZ” vaxta avtomobili haydovchisiman. Dilmurod Karimov boshliq 3-son avtobazada haydovchisiman.
Biz konchilarni ish joyiga olib boramiz, ishdan keyin yana ortga qaytarib kelamiz. Bu oddiy ishdek ko‘rinishi mumkin, lekin kon yo‘llarini, chang-to‘zonni ko‘rgan odam uning naqadar mashaqqatli ekanini yaxshi biladi.
Shukrki, hozir ishlarimiz yaxshi. Maoshlarimiz vaqtida berilyapti, texnikaga kerakli ehtiyot qismlar ham o‘z vaqtida kelmoqda. Buning o‘zi katta gap. Mashina buzilsa, ehtiyot qism bo‘lmasa, ish to‘xtaydi, reja qolib ketadi. Ishchining ham oilasi, bola-chaqasi bor. Shuning uchun mehnatiga yarasha haq olishi kerak.
Men bir narsani ko‘p o‘ylayman: ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlamasang, undan yaxshi natija kutib bo‘lmaydi. Ko‘mir qazish uchun texnika, yoqilg‘i, ehtiyot qismlar kerak. Eng muhimi, konchi mehnatining qadrini sezsa, yanada g‘ayrat bilan ishlaydi.
Shu ma’noda, Vazirlar Mahkamasining 418-son qarori asosida ko‘mir ta’minotida bozor mexanizmlari joriy etilayotganini eshitib quvondim. Yangi tartibda savdolar ochiq bo‘lishi, ko‘mirning kimga va qanday yetkazib berilayotgani aniq ko‘rinishi kerak. Ishning boshi ham, oxiri ham adolatli bo‘lsa, odamlarning ko‘ngli to‘q bo‘ladi.
Ko‘mir narxi yillar davomida deyarli o‘zgarmay turgan paytlar ham bo‘ldi. Boshqa yoqilg‘ilarning narxi qancha o‘zgardi? Ishlab chiqarish xarajatlari ham bor. Shu bois korxona o‘zini o‘nglab olishi, ishlab chiqarishni rivojlantirishi zarur. Korxona baquvvat bo‘lsa, ishchining ham ishi yurishadi.
Ilgari ko‘mirni manzilga yetkazishda turli muammolar bo‘lganini ko‘rganmiz, eshitganmiz. Ming mashaqqat bilan qazib olingan ko‘mir yo‘lda kamayib qolsa, konchiga ham alam qiladi, qishda yoqilg‘i kutib o‘tirgan odamga ham. Ayrimlar o‘z puliga ko‘mir olish uchun sarson bo‘lar, ba’zan uni qimmat narxda izlashga majbur bo‘lardi. Bunaqa bo‘lmasligi kerak-da!
Ko‘mir xalqqa o‘z vaqtida yetib borsin, kerakli xonadonlarga adolatli taqsimlansin. Yangi tartiblar shu muammolarni kamaytirishga xizmat qilsa, juda yaxshi. Ayniqsa, ko‘mir xaridi uchun beriladigan kompensatsiya pullari haqiqatan ham yordamga muhtoj oilalarga yetsa, bu savobli ish. Qishda uyi sovuq bo‘lib o‘tirishning qandayligini bilgan odam buning qadriga yetadi.
Men uchun ko‘mir shunchaki qora tosh emas. Uning ortida konchidan tortib haydovchigacha, yuklovchidan tortib iste’molchiga yetkazib beruvchigacha ko‘p odamning mehnati bor. Mahsulot sifatli bo‘lsin, o‘z vaqtida yetkazilsin, xaridor ham rozi bo‘lsin. Shunda mehnatimiz zoe ketmagan bo‘ladi.
Kasbimni ustozlardan o‘rganganman. Buldozerchilikni o‘zlashtirayotganimda marhum O‘tkir akadan ko‘p narsa oldim. Aka-uka Shahob va Mamatali Norqo‘zievlarning saboqlari ham yodimda. Ustozlarimni haligacha hurmat bilan eslayman. Ulardan nafaqat ishni, balki mas’uliyat va halollikni ham o‘rganganman. Ustozdan qoladigan eng katta meros ham shu bo‘lsa kerak.
Xullas, konda kimdir ko‘mir qaziydi, kimdir texnika boshqaradi, kimdir uni tashiydi. Hammamizning maqsadimiz bitta ‒ xalqqa kerakli mahsulotni yetkazib berish. Qishda odamlar uyida issiq o‘tirsa, maktablar va shifoxonalar sovuqda qolmasa, mehnatimiz samarasini ko‘rgan bo‘lamiz.
Eng muhimi, konchi mehnati qadr topsin, texnika soz bo‘lsin. Odamlar yetkazib bergan ko‘mirimizdan rozi bo‘lsa, biz uchun shuning o‘zi katta xursandchilik.
Do‘styor BOYMURODOV,
“O‘zbekko‘mir” AJ “Transport” filiali haydovchisi
Oxirgi yangiliklar:
Korrupsiyaga qarshi kurashish: qonuniylik, shaffoflik va shaxsiy mas’uliyat
O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 22-iyundagi O‘RQ–1155-son Qonuni korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish va korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobga...
O'qish
Seminar: korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash choralari kuchaytirilmoqda
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati filiallarida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, qonunchilikdagi o‘zgartishlarni xodimlarga tushuntirish va...
O'qish
Murakkab hududlarda bozor mexanizmi: aholi ko‘mirsiz qolmasligi uchun qanday choralar ko‘zda tutilgan?
Ko‘mir sanoatiga bozor mexanizmlarining joriy etilishi va aholini ko‘mir bilan ta’minlashga tadbirkorlik sub’yektlarining jalb qilinishi respublikamizning olis va borish...
O'qish