Angren – mehnat, jasorat va taraqqiyot shahri
Nashr qilingan sana: 04.06.2026 21:09:38
Joriy yil 13-iyun kuni Angren shahri o‘zining qutlug‘ 80 yilligini nishonlaydi. Ayni kunlarda shahar bayram nafasi bilan yashamoqda. Ko‘chalaru xiyobonlarda obodonlashtirish ishlari jadal kechmoqda, mehnat jamoalari, ta’lim muassasalari, madaniyat markazlari va mahallalarda yubiley tadbirlariga tayyorgarlik qizg‘in tus olgan.
Bu bejiz emas. Axir Angren oddiy shahar emas. U mehnat bilan qad rostlagan, jasorat bilan ulg‘aygan, konchilarning qadoq qo‘li bilan bunyod etilgan maskandir.
Angren tarixi zamin bag‘ridagi beqiyos boylik – ko‘mir bilan chambarchas bog‘liq. Aynan shu boylik tufayli bu hududga geologlar, quruvchilar va konchilar keldi. 1940-yilning o‘zidayoq Angren ko‘mir havzasini o‘zlashtirish ishlariga qariyb 6000 nafar kishi jalb etilgan edi. Ular nafaqat konlar ochdi, balki kelajak shahriga ham asos soldi.
1946-yil 13-iyun kuni O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Rayosati qarori bilan “Angrenshaxtastroy” ishchilar posyolkasi shahar maqomini oldi. Shu tariqa O‘zbekiston xaritasida yangi sanoat markazi – Angren dunyoga keldi.
Oradan sakson yil o‘tdi. Kechagina konchilar shaharchasi bo‘lgan Angren bugun mamlakatning eng muhim sanoat markazlaridan biriga aylandi. Uning taraqqiyot tarixi minglab kishilar taqdiri, mehnati va orzu-intilishlari bilan uyg‘unlashib ketgan.
Angren haqida so‘z ketganda, konchilarning, xususan, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini alohida ta’kidlash joiz. Chunki shaharning kechagi ham, buguni ham, ertasi ham ko‘p jihatdan ko‘mir sanoati bilan bog‘liq. Mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotgan ko‘mirchilar mehnati Angren taraqqiyotining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yubiley ga tayorgarlik ko‘rish tadbirlari doirasida Angren shahar hokimi Alisher Raimov jurnalistlar va blogerlar bilan uchrashdi. Samimiy ruhda kechgan muloqotda shaharning bugungi qiyofasi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yubiley tadbirlarining mazmun-mohiyati va ularni keng jamoatchilikka yetkazish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, sakson yillik yubiley shunchaki sana emas. Bu – shahar tarixi, uning mehnatkash insonlari va fidoyi avlodlariga ehtirom ramzi. Shu bois bayram tadbirlarini xalqchil, mazmunli va esda qolarli tarzda tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Uchrashuvda ishtirok etgan “O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati rahbari Ne’mat Dushaev ham ommaviy axborot vositalari va blogerlarni yubiley tadbirlarini keng yoritishga chaqirdi. U Angren tarixi, konchilar mehnati, shaharning sanoat salohiyati va yangi qiyofasini aks ettiruvchi materiallar xalqimiz uchun qiziq va ahamiyatli bo‘lishini ta’kidlab, bir qator taklif va tavsiyalar berdi.
Angren – kognchi mehnatkashlar shahri. Imkoniyatlar shahri. Yoshlar shahri. Kelajak shahri.
Sakson yil tarix uchun katta muddat emasdir. Ammo shu qisqa davr ichida Angren butun boshli avlodlar mehnati, jasorati va orzularini o‘zida mujassam etgan shaharga aylandi. Shuning uchun ham uning yubileyi nafaqat angrenliklar, balki butun mamlakatimiz uchun ham ahamiyatli sana hisoblanadi.
Qutlug‘ 80 yillik muborak bo‘lsin, aziz Angren!
Oxirgi yangiliklar:
Aholi iste’molchilariga ko‘mir mahsulotlari yangi tizim asosida yetkazib berilmoqda
Ayni kunlarda respublikamizda 2026–2027- yillar kuz-qish mavsumida aholini ko‘mir bilan ta’minlash ishlari davom etmoqda. Vazirlar Mahkamasining 418-son qar...
O'qish
Qonunchilik talablarini tushuntirish ishlari davom etmoqda
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablarini xodimlar...
O'qish
“Ko‘mirning rohatini uydagi odam biladi”
Ko‘mir qazish oson emas. Konchining ham, uni ishga olib borib, yana qaytarib keladigan haydovchining ham o‘z mashaqqati bor. Chang, loy, yozda jazirama issiq, qishda qahr...
O'qish
Korrupsiyaga qarshi kurashish: qonuniylik, shaffoflik va shaxsiy mas’uliyat
O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 22-iyundagi O‘RQ–1155-son Qonuni korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish va korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobga...
O'qish