“O‘zbekko‘mir” AJ faoliyatida ochiqlik va shaffoflik masalalari o‘rganildi
Nashr qilingan sana: 29.09.2026 10:42:1711 sentabr kuni “O‘zbekko‘mir” AJ faoliyati yuzasidan jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida so‘rovnoma e’lon qilindi. O‘tgan 16 kundan ortiq vaqt davomida unda jami 435 nafar fuqaro ishtirok etdi. Ishtirokchilarning 236 nafari so‘rovnomadagi savollar, umuman mavzu yuzasidan fikr, taklifva e’tirozlarini ochiq bayon qildi.
So‘rovnoma natijalari fuqarolarni, avvalo, korrupsiyaning oldini olish, ko‘mir xarid qilishdagi yangi tartib, mahsulot sifati, narx va axborot ochiqligi masalalari qiziqtirayotganini ko‘rsatdi.
Korrupsiya holatiga duch kelganda ishtirokchilarning 52,5 foizi bu haqda tegishli tashkilotga xabar berishini, 29,9 foizi esa korrupsiyaviy harakatga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishini bildirgan. Shu bilan birga, qo‘shimcha yoki norasmiy to‘lov talab qilingan holatga 30,4 foiz ishtirokchi duch kelganini qayd etgan.
Pora yoki norasmiy to‘lov talab qilinsa, 75,1 foiz ishtirokchi bunday talabni rad etish va xabar berishini bildirgan. Bu jamoatchilikda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat shakllanayotganini ko‘rsatishi bilan birga, xabar berish mexanizmlarini aholiga yanada keng tushuntirish zarurligini ham bildiradi.
“O‘zbekko‘mir” AJ haqida ma’lumotga ega ekanini bildirganlar 77,1 foizni tashkil etgan. Axborot olishda esa Telegram va rasmiy veb-sayt asosiy manbalar sifatida qayd etilgan. Bu korxona faoliyatiga oid ma’lumotlarni raqamli platformalar orqali tezkor va ochiq taqdim etish muhimligini ko‘rsatadi.
Ko‘mirni realizatsiya qilishning yangi tartibi bo‘yicha ham turli fikrlar bildirilgan. 399 nafar ishtirokchining 149 nafari yangi tartibni ijobiy, 85 nafari juda ijobiy baholagan. Shu bilan birga, 95 nafar ishtirokchi bu tartib haqida yetarli ma’lumotga ega emasligini bildirgan. Demak, yangi mexanizmning mazmuni, ishlash tartibi va iste’molchi uchun yaratiladigan imkoniyatlarni tushuntirishga ehtiyoj bor.
Ko‘mir xarid qilishda fuqarolar uchun eng muhim masala sifatida mahsulot sifatini tanlash ko‘rsatilgan. B bu variantni 393 nafar ishtirokchining 60,3 foizi belgilagan. Keyingi o‘rinlarda narxni solishtirish va tanlash hamda mahsulotni tanlash imkoniyati qayd etilgan.
Mycoal.uz platformasi haqida so‘ralganda, 120 nafar ishtirokchi undan foydalanganini, 133 nafari nomini eshitgani, ammo foydalanmaganini bildirgan. 118 nafar yoki 29,8 foiz ishtirokchi esa platforma haqida xabardor emas. Bu platforma imkoniyatlari haqida aholiga tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Korrupsiya xavfi yuqori bo‘lishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar haqidagi savolga javoblarda eng ko‘p qayd etilgan yo‘nalish ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash va xizmatda ko‘tarilish bo‘ldi. Biroq 203 nafar ishtirokchi korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan aniq yo‘nalishni bilmasligini bildirgan.
Shaxsan korrupsiyaviy holatga duch kelish bo‘yicha esa ishtirokchilarning 77,8 foizi bunday holatga duch kelmaganini aytgan. 20 nafar ishtirokchi esa pora, norasmiy to‘lov, tanish-bilishchilik yoki boshqa korrupsiyaviy holatga duch kelganini yoki shunday holat taklif qilinganini bildirgan.
Korrupsiya haqida qaerga va qanday tartibda xabar berishni 52,3 foiz ishtirokchi to‘liq bilishini aytgan. 24 foiz qisman xabardor, 13 foiz esa qaerga murojaat qilishni bilsa-da, tartibni to‘liq bilmasligini f’lum qilgan. 10,7 foiz ishtirokchi esa qaerga murojaat qilishni bilmaydi.
Umuman, so‘rovnoma natijalari jamoatchilik uchun ko‘mir sifati va narxi, xarid qilishda tanlov imkoniyati, yangi tartiblar haqida axborot, Mycoal.uz platformasidan foydalanish, korrupsiyaning oldini olish va murojaat qilish mexanizmlari dolzarb masalalar ekanini ko‘rsatmoqda.
Ayniqsa, 236 nafar fuqaroning ochiq shaklda bildirgan fikr va takliflari so‘rovnomaning muhim qismi hisoblanadi. Ularni mazmunan o‘rganish “O‘zbekko‘mir” AJ faoliyatida ochiqlikni oshirish, korrupsiya xavflarini kamaytirish va xizmatlarni aholi uchun yanada qulaylashtirish bo‘yicha amaliy choralarni belgilashda muhim manba bo‘ladi.
Bir so‘z bilan aytganda, jamoatchilik so‘rovi natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, ochiq muloqot va fuqarolar fikrini tizimli o‘rganish korxona faoliyatida shaffoflikni yanada kuchaytirish imkonini beradi.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati
Oxirgi yangiliklar:
Angren ko‘mir konida ona tiliga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
«O‘zbekko‘mir» AJ Angren ko‘mir koni filialida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda O‘zbeki...
O'qish
Iste’molchi: “Ko‘mirning sifati ham, narxi ham ma’qul, uyga yetkazib berish xizmati ham bor”
Kuz-qish mavsumi oldidan tabiiy gaz yetib bormagan hududlar aholisini ko‘mir bilan ta’minlash dolzarb masalalardan biri. Namangan viloyatida bu yo‘nalishda sakkiz naf...
O'qish
Operatsion samaradorlik va mehnat unumdorligini oshirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 14-sentabr “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida operatsion samaradorlik va mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish y...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” AJ vakili “Rossiya energetika haftaligi ‒ 2026” xalqaro forumida ishtirok etmoqda
2026-yil 14–16-oktabr kunlari Moskva shahrida ”Rossiya energetika haftaligi ‒ 2026” IX xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda. Yoqilg‘i-energetika sohasidagi muhim xalqaro tadbir...
O'qish