Jamoatchilik kengashining yangi tarkibi shakllantirildi
Nashr qilingan sana: 30.07.2026 16:12:26“O‘zbekko‘mir” AJ huzuridagi Jamoatchilik kengashining yangi tarkibi shakllantirildi. Yangi tarkib belgilangan tartib asosida o‘tkazilgan ochiq tanlov natijalariga ko‘ra saralab olindi.
Jamoatchilik kengashini shakllantirish jarayonida nomzodlarning sohaviy bilim va malakasi, kasbiy tajribasi, jamoatchilik faolligi, fuqarolik pozitsiyasi hamda jamoatchilik bilan ishlash ko‘nikmalari asosiy mezon sifatida inobatga olindi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, mustaqil ekspertlar, ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va jamoatchilik vakillaridan iborat 15 nafar a’zodan tashkil topgan Jamoatchilik kengashining yangi tarkibi tasdiqlandi.
2026-yil 30-iyul kuni “O‘zbekko‘mir” AJda Jamoatchilik kengashining birinchi tashkiliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Kengash a’zolari, jamiyat ijro apparati tarkibiy bo‘linmalari va filiallari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda “O‘zbekko‘mir” AJ Bosh direktori N. Dusmatov so‘zga chiqib, Jamoatchilik kengashining yangi tarkibini qutladi.
U o‘z nutqida jamiyat faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini takomillashtirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirishda Kengashning muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Yig‘ilish davomida Kengash a’zolariga ularning vakolatlari yuzasidan ma’lumot berildi hamda tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ Innovatsion ishlab chiqarish va tatbiq etish markazi direktorining texnologiya bo‘yicha o‘rinbosari, Jahon konchilik akademiyasi akademigi, texnika fanlari doktori, professor Abdurashid Hasanov Jamoatchilik kengashi raisi etib saylandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Angren shahar kengashi raisi Oybek Qoraqulov Kengash raisi o‘rinbosari, “O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha professional mutaxassisi Ayubdunodir Nosirov esa Kengash kotibi etib saylandi.
Shundan so‘ng Jamoatchilik kengashining birinchi ishchi yig‘ilishi Kengash raisi Abdurashid Hasanov rahbarligida o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Kengashning ish rejasi tasdiqlanib, jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etish, jamiyat faoliyatining ochiqligi va shaffofligini monitoring qilish, aholi va fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni yanada rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatini amaldagi qonunchilik hujjatlari, “O‘zbekko‘mir” AJ huzuridagi Jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi Nizom hamda jamiyatning ichki me’yoriy hujjatlari asosida, ochiqlik, shaffoflik va xolislik tamoyillariga rioya qilgan holda amalga oshiradi.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati
.jpg)
Oxirgi yangiliklar:
Pensiya ta’minoti tizimidagi yangiliklar muhokama qilindi
“O‘zbekko‘mir” AJda pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishga qaratilgan Prezident farmoni loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi....
O'qish
Ko‘mir bor joyda tabiatga ham e’tibor bor
Bilamizki, bir tonna ko‘mir faqat energiya manbaigina emas. U tabiat oldidagi mas’uliyatni ham anglatadi. Uni qazib olish, saralash, tashish va saqlashning har bir b...
O'qish
Kuz-qish mavsumi: favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik kuchaytirilmoqda
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va energetika sohasi ob’ektlarining mavsumiy barqarorligini ta’minlash maqsadida...
O'qish
Ish jarayonida ham sportga hamisha vaqt topiladi
Korxonamizda xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, jismoniy faolligini oshirishi va sog‘lom turmush tarziga amal qilishi uchun barcha zarur sharoitlar y...
O'qish