Ko‘mir sifati deganda nimani tushunasiz?
Nashr qilingan sana: 28.12.2024 07:11:24“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2024-yil davomida 6,7 mln. tonna ko‘mir qazib olindi va Respublika hukumati tomonidan belgilangan vazifa 100 foizga bajarildi.
Qazib olingan yoqilg‘ining 1,3 mln. tonnasi aholi iste'molchilari ehtiyojlari uchun yuklab jo‘natildi.
Qayd etish kerak, bu yil aholi iste’molchilaridan yetkazib berilayotgan ko‘mir hajmi va sifati bo‘yicha e’tirozlar keskin kamaygan. Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy chiqishlar va murojaatlar ham kuzatilmoqda. Bunga Xorazm viloyatida xoka ko‘mir berilayotganligi (https://t.me/JAMOAT_NAZORATI/34245), Andijon viloyatida ham tarqatilayongan ko'mirning maydaligi bilan bog‘liq murojaatlarni misol qilib keltirish mumkin (https://t.me/Izboskan_uz/25190).
Shuni ma’lum qilamizki, aholining muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish maqsadida mahalliy ko‘mir arzonlashtirilgan narxda “Ko‘mir ta’minot” MCHJning 103 ta hududiy ko‘mir ombori va shoxobchasi orqali yetkazib berilmoqda. Bunda hududiy ko‘mir omborlarining mas’uliyati kuchaytirilgan, ayni paytda hududlardagi sektor rahbarlari va huquq-tartibot idoralari, shuningdek, jamoatchilik vakillari ham ko‘mir tarqatish jarayonini nazorat qilib borishi maqsadga muvofiqdir.
Ayni paytda ko‘mir xaridi va sifati bilan bog‘liq murojaatlarning aksariyati aholi o‘rtasida arzonlashtirilgan mahalliy ko‘mirni tarqatish tartib-qoidalari va mahsulotning sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha yanada ko‘proq tushuntirishlar berishimiz lozimligini taqazo etadi.
Aholiga mo‘ljallangan ko‘mir mahsuloti Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 29-sentabrdagi 551-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Respublika aholisini ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida Nizom”ga asoslangan holda tarqatiladi. https://lex.uz/ru/docs/6215776?ONDATE=01.04.2025%2000
Nizomda “Ko‘mir ta’minot» MCHJ ko‘mir mahsulotining sifatli saqlanishini hamda iste’molchilarga sotilishini ta’minlashi belgilab qo‘yilgan. Bunda «Ko‘mir ta’minot» MCHJ ko‘mir omborlari mudirlari, mas’ul mansabdor shaxslari ko‘mirning sifatli saqlanishi hamda iste’molchilarga yetkazib berishdagi harakati yoki harakatsizligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslarining tegishli moddalari bilan javobgarlikka tortiladi.
Mahsulot sifatiga kelsak, aholiga mo‘ljallangan mahalliy ko‘mir markasi ‒ 2BZR (namligi ‒ 35 foizgacha, kulchanlik darajasi 17 foizgacha, o‘lchamlari ‒ 25 mm.dan 500 mm.gacha, narxi (1 tn) – 309 800 so‘m.
Shu o‘rinda, mahsulot sifati haqida ham biroz tushuncha berib o‘tish joizdir. Ayrim iste’molchilar ko‘mir sifatiga uning tashqi ko‘rinishiga qarab baho beradi. Aslida ko‘mirning sifati uning issiqlik berish darajasi, kulchanlik, namlik darajasi hamda tarkibidagi yot jinslarning kam yo ko‘pligiga qarab belgilanadi.
Ko‘mir bo‘laklarini iste’molchiga har doim ham to‘lig‘icha donador ko‘rinishda yetkazishning amalda imkoni yo‘q. Yoqilg‘ini qazish, avtosamosvallarga yuklash, ichki omborga olib borib to‘kish, vagonlarga qayta yuklash jarayonida maydalanish holatlari kuzatiladi. Respublika hududiy ko‘mir omborlardagi jarayonlarda maydalanish ehtimoli yanada ortadi. Shuningdek, xarid qilingan ko‘mir ichida 2 foizgacha yot jinslarning uchrashi norma hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, mayda ko‘mir ham yaxshi yonadi va kutilgan issiqlikni beradi.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati
Oxirgi yangiliklar:
Jamoa shartnomasi: huquq, kafolat va imtiyozlar muhokama markazida
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi filiallarda 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan Jamoa shartnomasining mazmun-mohiyatini mehnat jamoalariga yetkazishga qarati...
O'qish
Murojaat o‘z tasdig‘ini topdi: mas’ul xodimlarga intizomiy choralar qo‘llanildi
“O‘zbekko‘mir” AJ murojaatlar boti orqali fuqaro M.A. Xudoyberdievadan “Ko‘mir ta’minot” MChJ Namangan filiali Uchqo‘rg‘on tumani ko‘mir ombori faoliyati yuzasidan m...
O'qish
Ko‘mir sohasidagi yangi islohotlar: bozor mexanizmlari va ijtimoiy himoya
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 418-son qarori mamlakatda ko‘mir sanoatini yanada rivojlantirish, bozor mexanizmlarini keng joriy eti...
O'qish
Islom sivilizatsiyasi markazi – ma’naviy-ma’rifiy sayohatning bosh manzili
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning ko‘p asrlik ilmiy-ma’rifiy merosi va buyuk ajdodlarimiz qold...
O'qish