Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha brifing o‘tkazildi
Nashr qilingan sana: 22.05.2026 11:51:322026-yil 22-may kuni “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha brifing tashkil etildi.
Unda Komplaens-nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati komplaens inspektori Murodjon Abduraimov ishtirok etib, jamiyatda 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida korrupsiyaga qarshi kurashish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, tizimda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda bu boradagi ustuvor vazifalar yuzasidan axborot berdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-iyunda qabul qilingan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘RQ-931-son Qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida jamiyat ijro apparati va tarkibiy filiallarida “Biz korrupsiyaga qarshimiz”, “Maishiy korrupsiya ko‘rinishlari hamda ularning oldini olish – vazifamiz!” mavzularida profilaktik davra suhbatlari tashkil etildi.
Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya xavfi mavjud bo‘lgan lavozimlarda ishlovchi xodimlardan korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish, xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilmaslik, tanish-bilishchilik va qarindosh-urug‘chilik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kafolat xatlari olindi.
2026-yilning birinchi choragi davomida 5700 dan ortiq deklaratsiyalar tahlil qilinib, 1 ta mavjud hamda 4 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi holati aniqlandi. Natijada bir holatda xodim o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod qilinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunuv bilan bog‘liq manfaatlar to‘qnashuvi bartaraf etildi. Shuningdek, ikki holatda xodimlarni boshqa lavozimga o‘tkazish orqali ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi bartaraf qilindi, yana ikki holat yuzasidan tegishli ishlar davom ettirilmoqda.
Deklaratsiyalarni o‘rganish jarayonida tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etayotgan 4 nafar xodimga manfaatlar to‘qnashuvi xavfi yuzasidan tushuntirish berildi. Natijada ulardan 3 nafari tadbirkorlik sub’ektlaridagi ta’sischilik va rahbarlik faoliyatini to‘xtatgan bo‘lsa, 1 nafar xodim o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shagan.
Brifingda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-240-son qarori ijrosi doirasida jamiyat markaziy apparati va tarkibiy filiallar faoliyatining 16 ta funksiyasi bo‘yicha korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash ishlari amalga oshirilgani ham ma’lum qilindi. Baholash natijalari “e-anticor.uz” platformasiga joylashtirilib, korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi shakllantirildi.
Hisobot davrida tarkibiy filiallarda maishiy korrupsiyaning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvi sabablari va uning salbiy oqibatlariga bag‘ishlangan 7 ta profilaktik tadbir, davra suhbati va seminarlar o‘tkazildi. Ularda aniqlangan holatlar yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Shu bilan birga, Komplaens-nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan kelib tushgan murojaatlar hamda aniqlangan holatlar yuzasidan 3 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Natijada ortiqcha hisoblangan mablag‘larni undirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi va mas’ul xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rildi. Shuningdek, bir holat yuzasidan to‘plangan materiallar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Brifing davomida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining “Masofaviy audit” axborot tizimi orqali kelib tushgan ma’lumotlar asosida 6 nafar xodim faoliyati tahlil qilingani qayd etildi. Tahlillar natijasida ayrim xodimlarning qo‘shimcha mehnat faoliyati yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullangani aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi.
Yakunda jamiyat tarkibiy filiallarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, deklaratsiyalarni muntazam tahlil qilish va profilaktik tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
“O‘zbekko‘mir” A Axborot xizmati
Oxirgi yangiliklar:
Pensiya ta’minoti tizimidagi yangiliklar muhokama qilindi
“O‘zbekko‘mir” AJda pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishga qaratilgan Prezident farmoni loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi....
O'qish
Ko‘mir bor joyda tabiatga ham e’tibor bor
Bilamizki, bir tonna ko‘mir faqat energiya manbaigina emas. U tabiat oldidagi mas’uliyatni ham anglatadi. Uni qazib olish, saralash, tashish va saqlashning har bir b...
O'qish
Kuz-qish mavsumi: favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik kuchaytirilmoqda
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va energetika sohasi ob’ektlarining mavsumiy barqarorligini ta’minlash maqsadida...
O'qish
Ish jarayonida ham sportga hamisha vaqt topiladi
Korxonamizda xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, jismoniy faolligini oshirishi va sog‘lom turmush tarziga amal qilishi uchun barcha zarur sharoitlar y...
O'qish